Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: Dunyoni adolatga chorlovchi huquqiy hujjat

Bugun umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil to‘ldi.

BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilinib, tashkilotga a’zo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur Deklaratsiya sayyoramizda yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni ochiqlaydi. Bu hujjat dunyoning shu kungacha besh yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan bo‘lib, eng ko‘p tarjima qilingan hujjatdir. 30 moddadan iborat Deklaratsiya inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Inson huquqlariga oid qonunchilik 3 bosqichda yaratilgan. Birinchi bosqich — inson va fuqaro huquqlari fransuz deklaratsiyasidan boshlanib, to Birinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ushbu bosqichda shaxs erkinligi, daxlsizligi va fuqarolar tengligi, xususiy mulk, saylov huquqlariga oid masalalar o‘rin egallagan.  

Inson huquqlarining ikkinchi bosqichi — XX asrning 1-yarmini o‘z ichiga olib, bunda insonning mehnat qilishi, dam olishi, ijtimoiy yordam olishi kabi huquqlari qonunchilikning asosiy qismini egallagan.  

XX asrning 2-yarmidan boshlab hozirgacha bo‘lgan davr – inson huquqlari qonunchiligining uchinchi bosqichi hisoblanadi va bu yillar davomida insonlarni tinch yashash, sof va toza atrof muhitga ega bo‘lishi, axborot olish huquqlariga katta e’tibor qaratilgan.

Hozirgi davrda inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan 160 dan ziyod, YuNESKO tomonidan 70 dan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan esa 30 dan ortiq xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar qabul qilingan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda inson huquqlari bo‘yicha 400 ga yaqin xalqaro hujjat mavjud. Shulardan eng muhimi, BMT Bosh assambleyasining rezolyusiyasi bilan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hisoblanadi. Butun dunyoda inson huquqlariga taalluqli bo‘lgan qonun hujjatlari mana shu BMTning hujjati asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan.  

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi barcha mamlakatlar kabi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham o‘zagini tashkil etadi va mamlakatimiz asosiy qomusining yaratilishi inson huquqlariga oid qonunchilik tizimining uchinchi bosqichiga to‘g‘ri keladi.  

Ma’lumki, joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda birinchi marotaba umumxalq referendumi orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Asosiy qonunimizning 65 foizi xalq muhokamasi va takliflari asosida yangilanib, Inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga oshirildi. Shu nuqtai nazardan yondashilsa, inson huquqlarining deyarli barcha moddalari Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi.