Inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid hujjatlar to‘plami chop etildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari sohasida ta’lim: xalqaro va milliy hujjatlar to‘plami” nashr etildi. To‘plam shu yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumga tayyorgarlik doirasida chop etildi.

Samarqand Global forumini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Yangi to‘plamda BMTning inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha xalqaro hujjatlari va mamlakatimizda shu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zbek (kirill va lotin yozuvlarida), ingliz, fransuz va rus tillaridagi matnlari jamlangan.

To‘plam O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya rahbari, akademik A.Saidov mas’ul muharrirligida nashrdan chiqarildi.

Kitob inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bilan shug‘ullanadigan keng doiradagi mutaxassislarga mo‘ljallangan. U o‘qituvchilar, aspirantlar, doktorantlar, yuridik fakultetlar talabalari, shuningdek, ushbu sohaga qiziquvchi keng kitobxonlar uchun ham foydali va manzur bo‘lishi tayin.

Milliy markaz tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari turkumi”da nashr etilgan barcha kitoblar Samarqand Global forumi ishtirokchilariga taqdim etiladi. Shuningdek, Forum doirasida o‘tkaziladigan “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar” ko‘rgazmasida namoyishga qo‘yiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati