Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddas

Bayram bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da – yurt rahbari nomingga tabrik yo‘llasa, bu nomani viloyatning kattasi uyingga keltirib bersa, dildan suhbatlashib, holingni so‘rasa, keltirgan sovg‘alarini aytmayapman haliyam, tag‘in bayramga taklif qilib uyingga mashina yuborsa. Shunday yurtda yashayotganingga, shu kunlarga yetkazganiga ming karra shukrona aytasan-da. Ilohim, bizni qadrlaganlar bundan yuz chandon ko‘proq qadr-qimmat ko‘rsin! Boshi omon bo‘lsin!

Bu gaplarni toyloqlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 97 yoshli Asror bobo Istamov Samarqand shahrida o‘tkazilgan bayram tadbiriga kelar ekan, o‘zgacha hayajon bilan gapirib berdi.

  – Yaratganga shukr, har yili bayramga olib kelishadi, do‘stlarimiz bilan diydor ko‘rishib, yoshlikni xotirlaymiz, – deydi Asror bobo. – Ko‘rsatilayotgan izzat-hurmat, mehribonchiliklarning cheki yo‘q. Barchasi uchun rahmat. Toshkentdagi, Prezident ishtirok etadigan bayramlarga ham taklif qilishyapti. Borib, ko‘nglim yayrab, yosharib kelyapman. Nasib etsa, bu yil ham boraman. Baraka topishsin, do‘xtirlar kelib, sog‘lig‘imni tekshirib turishibdi.

Samarqand shahrida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Asror bobo singari urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, viloyat jamoatchiligi ishtirok etdi.

Dastlab, Xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yildi. Tadbir qatnashchilari maydondagi Xotira kitoblarini varaqlab, tinchlik va ozodlik uchun kurashgan ajdodlarimiz, ota-bobolarimizni yodga oldilar.

Shahar ko‘chalari bo‘ylab Ikkinchi jahon urushi davrida foydalanilgan avtomashinalar karvoni, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan havaskor sportchilar o‘rtasida yugurish marafoni o‘tkazildi.

Samarqand tumanidagi so‘lim maskanda faxriylar uchun bayram dasturi tashkil etildi. Bu yerda ko‘rgazmali harbiy dala poligoni yaratilib, harbiy texnika va qurol-yarog‘lar, harbiylar foydalangan ashyolar namoyish qilindi. Faxriylar o‘tmishning og‘ir damlarini xotirlab, bugungi dorilamon kunlar shukuhi haqida so‘zlab berdilar.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tantana ishtirokchilari va ular timsolida butun viloyat ahlini bayram bilan tabrikladi.

– Insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirgan Ikkinchi jahon urushi samarqandliklar hayotida ham og‘ir asoratlar qoldirgani barchamizga yaxshi ma’lum, – dedi viloyat hokimi. – O‘sha paytda viloyatimizdan 152 ming kishi frontga safarbar etilgan. Afsuski, ularning 70 mingdan ortig‘i urushdan qaytib kelmadi. Minglab yurtdoshlarimiz og‘ir jarohatlar bilan yurtimizga qaytib keldi. Bugungi kunda viloyatimizda ana shu zahmatlarni yengib o‘tgan 70 nafar duogo‘y faxriylarimiz barchamizning, xalqimizning e’zoz va ehtiromimizda hayot kechirmoqda. Ilohim, bu ulug‘ insonlar hech qachon kasal bo‘lmasin, umrlari uzoq bo‘lsin, doim mana shunday tadbirlarimizning fayzi bo‘lib yursinlar!

Tantanali marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar tomonidan katta konsert dasturi va teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildi.