Interpol Eron tomonidan Trampni “xalqaro qidiruv”ga berish to‘g‘risidagi so‘rovnomaga izoh berdi
Eron sudi tomonidan taqdim etilgan, Islom inqilobi korpusi generali Qosim Sulaymonining o‘limiga aloqadorlikda ayblanayotgan AQSh Prezidenti Donald Tramp va boshqa shaxslarni “xalqaro qidiruv”ga berish talabini ko‘rib chiqishga Interpolning ichki qoidalari ruxsat bermaydi. Bu haqda RIA Novosti nashriga Interpolning Liondagi qarorgohi ma’lum qildi.
“Interpol konstitutsiyasining 3-moddasiga binoan tashkilotga siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy masalalarga aralashish qat’iyan man etiladi. Shu sababli Bosh kotibiyatga shunga o‘xshash so‘rovnomalar kelib tushadigan bo‘lsa, konstitutsiya va qoidalarga binoan, Interpol bunday so‘rovnomalarni ko‘rib chiqmaydi”, deya ta’kidladi Interpol vakili.
29 iyun kuni Eron sudi Interpoldan Sulaymoni o‘limiga aloqadorlikda ayblangan 30 dan ortiq AQSh va boshqa davlat harbiy va siyosatchilarini xalqaro qidiruvga berishni talab qilgan edi. Ayblanayotganlar orasida AQSh Prezidenti Donald Tramp ham bor.