“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida Travel journalism – sayohat jurnalistikasi fakulteti ochiladi

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida 2020-2021 o‘quv yilidan Travel journalism fakulteti ochiladi. Jurnalistika sohasida ushbu yo‘nalish yangi bo‘lib, O‘zbekistonda hali bu sohada kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmagandi.

Turli mamlakat va xalqlarning tarixi, madaniyati, turmushi, mashhur qadamjolari va shaxslari, hatto, milliy oshxonalarning o‘ziga xosligini yoritadigan soha “Travel journalism”, ya’ni sayohat jurnalistikasidir. Sayohat jurnalistikasi sohasida kadrlar tayyorlansa, O‘zbekistonga sayyohlarning tashrif buyurishi ortadi.

Bugun Travel journalism nafaqat bosma ommaviy axborot vositalari sahifalarida, balki internet va televideniyeda ham rivojlanib bormoqda. Texnologiyalarning rivojlanishi va auditoriyani axborotlashtirish usullari kengayishi Travel journalism sohasining rivojlanishiga olib keldi. Dasturlarning ba’zilari hajmli shoularga aylanib ulgurdi, turli mamlakatlar madaniyati haqida qiziqarli ma’lumotlarni yetkazgan holda ular uchun ijobiy turistik imidj yaratilmoqda.

Travel journalism ta’lim yo‘nalishi doirasida respublikamizda ilk bor talabalarda sayohatchilik jurnalistikasi sir-asrorlari ochilgan holda O‘zbekistonning ijobiy turistik imidjini yaratish ko‘nikmalari shakllantiriladi.

Mazkur ta’lim yo‘nalishi kelgusida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan professional xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi sohaga aylanadi.

Travel journalism yo‘nalishining ta’lim dasturini o‘zlashtirishning normativ muddati - bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 4 yil, magistratura ta’lim yo‘nalishida 2 yilni tashkil etadi.

Xurshida ERNAZAROVA.