Ipak yo‘lidagi madaniy meros asrab-avaylanadi

Samarqandda davom etayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali doirasida bugun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi nomoddiy madaniy merosi xalqaro axborot va hamkorlik markazi (ICHCAP) o‘rtasida Ipak yo‘lidagi madaniy merosni saqlash bo‘yicha memorandum imzolandi.

Memorandumni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Sayfullayev hamda YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi nomoddiy madaniy merosi xalqaro axborot va hamkorlik markazi (ICHCAP) bosh direktori Keum Gi Xyung imzoladi.

– Kecha Samarqandda juda katta xalqaro tadbirlarning ishtirokchisi hamda bevosita guvohiga aylandik, – deydi Keum Gi Xyung. – “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzuidagi xalqaro konferensiya hamda “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi musiqa festivali ochilish marosimida qatnashib, O‘zbekiston juda boy moddiy va nomoddiy madaniy merosga ega ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ayniqsa, festivalning ochilish marosimida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, tayyorlangan madaniy dastur bizda juda katta taassurot qoldirdi. O‘zbek xalqining bunday serqirra va takrorlanmas nomoddiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish va asrab-avaylashga biz ham burchlimiz. Shuning uchun ham bugun Ipak yo‘lidagi madaniy merosni saqlash bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha memorandum imzoladik. Bu orqali ushbu madaniyatdan dunyo ahlini xabardor etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.

B.Mustanov.