Iqtisodiy hamkor mamlakatlar mutaxassislari nega Past Darg‘omga bordi?

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.

Dastlab "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" aksiyadorlik jamiyatida respublika "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ mutasaddilari, Osiyo taraqqiyot banki, Markaziy Osiyo mintaqaviy-iqtisodiy hamkorligi (MOMIH)ga a’zo mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar, xalqaro hamda mahalliy jurnalistlar ishtirokida press-konferensiya o‘tkazildi.

Respublika "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari F.Qurbonov Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrdagi "Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari  to‘g‘risida"gi qaroriga asosan mamlakatimiz bo‘ylab Janubiy Koreyaning "KT Corporation" kompaniyasi bilan hamkorlikda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi(ASKUE)ni bosqichma-bosqich joriy etish, xususan, viloyatimizda zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ayni paytda respublikamiz shahar va tumanlarida 1,5 milliondan ortiq yangi elektr hisoblagich o‘rnatildi. Xususan, viloyatimizda 267 mingga yaqin iste’molchi xonadoni ASKUE tizimiga mos bo‘lgan zamonaviy hisoblagichlar bilan bepul ta’minlandi. Ularning 152 mingdan ziyodi elektron tizimga ulanib, elektr energiyasi iste’moli, hisob-kitoblar, nazorat ishlari avtomatlashtirilgan tartibda olib borilmoqda. Samarqand shahri va tumani, Past Darg‘om, Urgut, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida bu ishlar davom ettirilmoqda.

- Kompaniyamiz tomonidan yil oxirigacha 2,5 milliondan ziyod xonadon uchun "aqlli" hisoblagichlar yetkazib beriladi, - deydi "KT Corporation" kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Endi Kim. -  Hisoblagichlarimiz eskilariga nisbatan 20 dan ko‘p funksiyani bajara oladi. Yangi elektron hisoblagich o‘rnatganlar endi elektr ta’minoti idorasida yoki banklar eshigida navbat kutib turmaydi. Iste’molchilarga SMS xabar orqali barcha ma’lumotlar yetkazib turiladi. Bu yangi tizim nafaqat aholiga, balki soha xodimlariga ham qulaylik yaratadi.

Press-tur ishtirokchilari Past Darg‘om tumanida bo‘lib, Go‘zalkent elektr ta’minoti korxonasining ish faoliyati, hududda yangi tizimdan foydalanish imkoniyatlari bilan tanishdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.