Iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurni rivojlantirishda ta’limning roli qanday?

Zamonaviy axborotlashgan makonda iqtisodiy ongni shaklantirish va uni rivojlantirishda ta’limning roli beqiyos. Aynan ta’lim iqtisodiy ongni shakllantirishning, farovon hayotga erishishning bebaho omilidir.

Ushbu haqiqatni inkor etish, kundalik amaliyotda unga rioya qilmaslik, iqtisodiy savodxonlikni oshirishga  yetarli darajada e’tibor bermaslik, o‘z-o‘zimizni qoloqlikka, nochor hayotga, iqtisodiy taraqqiyot karvonining oxirgi bo‘g‘inlarida sudralib yuruvchi mamlakatga aylantirishga mahkum etish bilan barobar. Iqtisodiy muammolarni hal etishda ishtirok etayotgan shaxsning ta’lim darajasi, bilimi, iqtisodiy savodxonligi qancha yuqori bo‘lsa, uning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi ham shunchalik ko‘p bo‘ladi.  

Ammo bugungi kunda mamlakatda aholi iqtisodiy ongini zamon talablari darajasiga ko‘tarish muammolarini bartaraf etishga yetarli e’tibor berilmayati, ularni yechishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilyapti.

Keyingi yillarda ingliz tilini mukammal bilish magistraturaga kirishning asosiy sharti qilib belgilandi: magistraturaga kirishga da’vogarlik qilgan yoshlar ingliz tilini mukammal bilishi, ya’ni maxsus IELTS yoki shunga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lishi shart. Ushbu tadbir ta’lim sohasining rivojlanishiga, uning sifati oshishiga, yoshlarimiz tafakkurining kuchayishiga pozitiv ta’sir ko‘rsatdimi?

Faraz qilaylik, muayyan oliy o‘quv yurtida, joriy o‘quv yilida 155 nafar magistrantlarni o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan edi, lekin amalda 40 nafar yosh yigit-qiz o‘qishga qabul qilindi, xolos. Ushbu holatning asosiy sababi – talabgorlarda ingliz tilidan mukammal bilimi borligini tasdiqlovchi maxsus hujjatning talab qilinayotganligi. Bu – modomiki ingliz tilini bilmaysanmi, sen iqtisodchi bo‘lishga loyiq emassan, degani. Aslida ham shundaymi? O‘ylaymizki, kuchli iqtisodchi bo‘lish uchun ingliz tilini mukammal bilish shart emas. Ayni paytda, kasbiy tayyorgarligi e’tiborga olinmay, faqat ingliz tilini mukammal bilganligi uchungina iqtisod bo‘yicha magistraturaga qabul qilingan talabgorning kelajakda kuchli, iste’dodli iqtisodchi bo‘lib shakllanishi mumkinligiga kafolat berish juda qiyin. Lekin, aynan shu vaj bilan bo‘lajak potensiali yuqori, iqtidorli nomzod o‘rnatilgan tartibdagi tanlovdan o‘tmay qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi ham ehtimoldan  xoli emas.

Bo‘lajak oliy ma’lumotli iqtisodchining ingliz tilini mukammal bilim sohibi bo‘lishini istasak, ingliz tilini bilishini uni magistraturaga kirishining emas, balki bitirishining, ya’ni diplom olishining asosiy sharti qilib belgilash ham mumkin. Unda talabgorning magistraturada o‘qishi uning ingliz tilini o‘rganishi bilan birga, parallel tarzda kechadi.

Iqtisodiyot sohasi bo‘yicha magistraturani bitirgan yoshlar uchun ingliz tilining katta ahamiyati borligini inkor etmagan holda, birinchi galda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha magistraturaga nomzod tanlashda ularning iqtisodiy savodxonligi, tafakkur qilish qobiliyati bosh mezon bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqchimiz.

 

Iqtisodiy tafakkurni rivojlantirishning imkoniyatlari cheksiz, undan unumli foydalanish - zarurat

Iqtisodiy ong iqtisodiy taraqqiyotning poydevori, ustuni bo‘lsa, iqtisodiy tafakkur inson iqtisodiy ongini yangi bilim, yangi g‘oya, yangi nazariyalar bilan boyitishning, demak, iqtisodiy ongni yangi pog‘onalarga ko‘tarishning kaliti. Agar iqtisodiy ong barcha insonlarga xos xislat bo‘lib, kishilar faqat uning rivojlanganlik darajasi bilan o‘zaro bir-biridan farqlansa, iqtisodiy tafakkur, bundan farqli o‘laroq, faqat ayrim iste’dodli kishilargagina Yaratgan nasib etgan  noyob va nodir fazilatdir.

Iqtisodiy tafakkurni iqtisodiy yuksalishning bosh omiliga aylantirishning oddiy formulasi quyidagidan iborat: to‘q-farovon hayot kechirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun, boshqacharoq, bugungidan yaxshiroq ishlashimiz kerak. Buning uchun esa oldingidan boshqacha fikrlashimiz, yangicha o‘ylashimiz, iqtisodiy jarayonlarning tub mohiyatini to‘la idrok etishimiz, innovatsiyalarni keng joriy qilishimiz, iqtisodiy ongimizni yanada yuqoriroq darajalarga  ko‘tarmog‘imiz lozim.       

Kishilik jamiyati iqtisodiy hayoti ko‘hna tarixiga diqqat bilan nazar tashlar ekanmiz, u qanchalik murakkab va, ayni paytda, qay darajada progressiv taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligiga amin bo‘lamiz. Inson jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida unga tabiat faqat tayyor holda bergan, tekin in’om etgan noz-ne’matlar hisobidan yashab, hayot kechirdi: yovvoyi hayvonlarni ovlash, yovvoyi meva va o‘simliklarni terish, g‘or va tepaliklarda boshpana topish... Lekin faqat insongagina xos iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkur uni yo‘qchilik va iqtisodiy qiyinchiliklar changalidan qutqarib, osoyishta hayot, mo‘l-ko‘lchilik va farovonlik  sari yetakladi. Natijada u tabiatdagi barcha nochor, itoatkor tirik jonlilar safidan ajralib chiqib, uning hukmroniga, tabiiy jarayonlarning haqiqiy va to‘laqonli nazoratchisiga aylandi. Agar insonda iqtisodiy onglash qobiliyati va uning rivojlanishiga turtki beruvchi tafakkur yuritish qudrati bo‘lmaganda edi, u barcha tabiat mavjudotlari singari, tabiatning injiqliklari va kataklizmlari oldida ojiz tirik jonlilar galasiga aylanib qolishi muqarrar edi. Bugungi kunda inson tabaiatni o‘ziga buysundirish, unga bevosita ta’sir ko‘rsatib, o‘zining hayotiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan turli-tuman noz-ne’matlarni katta miqdorda ishlab chiqarish sharafiga muyassar bo‘ldi.

Kishilik jamiyati iqtisodiy taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘lgan ushbu voqeliklarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan, insonni yo‘qchilik va tabiat oldidagi ojizlik girdobidan xalos etib, uni iqtisodiy mo‘l-ko‘lchilik va farovon hayotga olib chiqqan qudratli kuch nima? Albatta insonga Yaratgan in’om etgan anglash, idrok etish, tahlil qilish, tafakkur yuritish qobiliyati. Yaratgan insonga,  bir tomondan, behisob yer osti va yer usti tabiiy boyliklarini hadya etdi, ya’ni imkoniyat yaratib berdi, ikkinchi tomondan esa ushbu imkoniyatdan oqilona, unumli foydalanish uchun unga iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurni in’om qildi.

Inson o‘zining iqtisodiy tafakkur yuritish qobiliyati yordamida iqtisodiyot sohasidagi amaliy tajribalarni umumlashtirib, uni yuksak nazariy darajalarga ko‘tardi.

Lekin, biz yuqorida bayon etilganlarni iqtisodiy tafakkurning inson hayotini faqatgina taraqqiyotning bugungi yuqori cho‘qqilariga olib chiqqanlikdagi muhim rolini ochib berish uchun emas, balki uning kishilik jamiyati porloq kelajagini ta’minlashda hali ro‘yobga chiqmagan cheksiz imkoniyatlari ham mavjudligini ta’kidlash uchun bayon qildik.

Ilmu-fan kishilik jamiyati ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining chegara bilmas omilidir. Bugun inson erishgan iqtisodiy tafakkur, uning evaziga olingan moddiy va ma’naviy boyliklar kishilik jamiyati iqtisodiy taraqqiyotining oxirgi nuqtasi emas. Inson iqtisodiy tafakkuri ham bepoyon koinot misol cheksizlikka intiladi. Ushbu omil toki yer yuzida inson va uning hayotiy ehtiyojlari bor ekan, iqtisodiy taraqqiyotga o‘zining kuchli ta’sirini ko‘rsatishda davom etaveradi. Uning kelajakda insonni iqtisodiy taraqqiyotning, osoyishta, farovon hayotning qay darajalariga olib chiqishi mumkinligini boy  fantaziyamiz ham to‘la tasavvur qilishga ojizlik qiladi. Lekin bugun bir narsani hech shubhasiz aniq aytish mumkinki,  u hech qachon to‘xtab qolmaydigan uzluksiz jarayon, chunki inson har qanday og‘ir vaziyatda ham hayot uning oldiga qo‘ygan eng muraakab, noordinar iqtisodiy muammoning samarali yechimlarini izlaydi. Bunga uning yuksak iqtisodiy tafakkuri ishonchli tayanch bo‘ladi.

Xulosa qilib ayiganda, kishilik jamiyati taraqqiyotining hozirgi bosqichida iqtisodiy taraqqiyotda, nodir iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish evaziga, jahon xo‘jaligida peshqadamlik qilayotgan, iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan hamda iqtisodiy qoloq mamlakatlar hisobidan behisob boyliklarni o‘zlashtirayotgan G‘arb davlatlarining yutuqlari ular iqtisodiy tafakkurining cheksiz imkoniyalaridan unumli foydalanganliklari bilan belgilanadi. Demak, Yangi O‘zbekistonni dunyoning iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlaridan biriga aylantirish, iqtisodiy taraqqiyotning yuqori cho‘qqilarini zabt etish, avvalambor, iqtisodiy tafakkurning hozirgi kunda mamlakatlararo cheksiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish poygasida ustunlikka erishish bilan bog‘liq. Bu esa o‘zimizga, faqat o‘zimizga, ongimizdagi iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarni kengaytirishga, iqtisodiy tafakkurning ulkan imkoniyatlarini iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi omiliga aylantira bilish, to‘la safarbar qilish qobiliyatimizga bog‘liq.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda mamlakat tashqi aylanmasida eksport-importning yo‘nalishlar bo‘yicha tarkibiy tuzilishini takomillashtirish borasida oqilona siyosab olib borilmoqda. Natijada eksport tarkibida xomashyo tovarlarining ulushi kekin qisqarib  (maslan, paxta), import tarkibida mashina va jihozlarning ulushi keskin oshdi (masalan, mashina va jihozlar). Mamlakatning xomashyo resurslarini qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida chetga eksport qilish siyosati O‘zbekistonga chetdan import qilinadigan zamonaviy mashina, uskuna va jihozlar ulushini keskin oshirishni taqozo etdi. Ushbu siyosat O‘zbekiston milliy iqtisodiyotini yuksaltirishning birinchi bosqichida o‘zining ijobiy samarasini berdi: har bir xomashyo sarflari evaziga olinadigan qo‘shilgan qiymat miqdori ko‘paydi. Lekin u mamlakatni dunyoning iqtisodiy ustun rivojlangan davlatlari qatoridan munosib o‘rin egallashni mo‘ljalga olgan makroiqtisodiy siyosati talablariga javob bermaydi.

M.Muhammedov,

M.Pardayev,

SamISI professorlari.

(Davomi bor)