Ishga kiritishni va’da qilgan firibgar ayol qamaldi

Qoraqalpog‘istonda 900 dollar evaziga ishga kiritib qo‘yishni va’da bergan ayol jazoga tortildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli Zulxumar J. Nukus shahrida yashovchi 61 yoshli T.S.ga uning o‘g‘li 32 yoshli O.A.ni o‘zining mansabdor tanishlari orqali 900 AQSh dollari evaziga Qo‘ng‘irot tumanidagi “O‘zKorgaz” korxonasiga ishga joylashtirib berishini va’da qilib, 2019 yil 7 iyun kuni 500 AQSh dollari va 1 iyul kuni 400 AQSh dollari jami 900 AQSh dollari pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, aldab, fuqaro O.A.ni ishga kiritmasdan, olgan pullarini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Nukus shahar IIO FMB 1-son IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro Zulxumar J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Zulxumar J.ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi va 28,211-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2019 yilning 6 noyabr kuni jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining 2019 yil 6 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Zulxumar J. yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.