“Ishga marhamat” monomarkazi bitiruvchilari 87 ta davlatga o‘tadigan World skills pasporti olish imkoniga ega bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 16 ta tuman (shahar)larda mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etildi.

Shuningdek, 2021 yil yanvardan boshlab Samarqand shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

“Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda tanlov asosida 87 ta davlatga o‘tadigan World skills pasporti olish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan markazlar va maskanlarda hammasi bo‘lib 25 turdan ortiq kasblar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar (2 oydan 6 oygacha) tashkil etiladi.

Kurs yakunida fuqarolarga davlat namunasidagi diplom va sertifikatlar beriladi. Bu sertifikatlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi. Biroq ta’limning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmaydi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining yo‘llanmasi asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan fuqarolarga, o‘qish davrida bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi hamda o‘qish davri mehnat staji sifatida hisobga olinadi.