Ishtixonda bir oilaning 5 a’zosini o‘ldirgan shaxslar ustidan sud ishi boshlandi

Kecha, 4 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida joriy yilning 14 mayidan 15 mayiga o‘tar kechasi Ishtixon tumani «Chimqo‘rg‘on» MFY «Chimqo‘rg‘on» qishlog‘ida bir oilaning besh nafar a’zosini qasddan o‘ldirgan to‘rt nafar shaxs ustidan ochiq sud boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov xabar qildi.

Sudlanuvchilar: G‘olib Tashanov (1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Jahongir Usmonov (1993 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Shamshiddin Esonboyev (1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) va Xabibullo Nurmanov (1996 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz).

Tergov yakuniga ko‘ra, sudlanuvchilar 14 maydan 15 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani «Chimqo‘rg‘on» MFY «Chimqo‘rg‘on» qishlog‘ida yashab kelgan A. Xalbayevning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirishib, xujum qilib A. Xalbayevni, uning turmush o‘rtog‘i Z. Xalbayevani, farzandlari J. Islomov, voyaga yetmagan A. Islomov va O. Islomovlarni qasddan o‘ldirishgan hamda 22 mln. so‘m, 100 AQSh dollari va 600 ming so‘mlik «Samsung» rusumli uyali aloqa telefonini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchilar sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida A. Xalbayev va uning oila a’zolarining murdalarini ko‘rpalarga o‘rashib, uy hovlisida turgan «Damas» rusumli avtomashinaga joylashtirib Qo‘shrabot tumanidagi «Oltin maydon» fermer xo‘jaligi hududidagi adirga avtomashinani boshqarib borishib, tashlab ketishgan.

Bundan tashqari, G‘.Tashanov 2018 yilning bahorida o‘zi istiqomat qilib kelgan uyning tomorqasida o‘sib chiqqan taqiqlangan «ko‘knor» o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib, 2018 yil noyabr oyida quruq holdagi umumiy sof vazni 49,94 gramm bo‘lgan «ko‘knor» giyohvandlik vositasini J.Usmonovga qonunga xilof ravishda o‘tkazgan bo‘lsa, J.Usmonov ushbu giyohvandlik vositasini o‘z uyida o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Sudlanuvchilar G‘.Tashanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish), 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)da; J.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da; Sh.Esonboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish)da; X. Nurmanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O.Arabov va E.Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda.