Ishtixonda kambag‘allikka qarshi kurash boshlandi

Yangikent mahallasidagi sayyor qabulda fuqarolarning muammolari bilan tanishdik. Bu safar o‘tkazilgan sayyor qabulda muhim muammo sifatida asosan bog‘dorchilik (uzumchilik) bilan shug‘ullanadigan aholining dehqonchilik, bog‘dorchilikda duch kelayotgan muammolari o‘rtaga tashlandi. Muammolarni hal etish choralari esa mahalla faollari, mutasaddilar bilan birgalikda muhokama qilindi.

Shundan so‘ng mahalladagi 20 nafar kambag‘al oilaning muammolari bilan tanishish maqsadida ularni bir joyga to‘plab, bir piyola choy ustida suhbatlashdik. Suhbat davomida kambag‘al oilalarning ahvoli, yashash sharoiti, muammolari bilan tanishdik. Ularning asosan ishsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarini tinglash qatorida ularga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi xususida ma’lumotlar berdik. Bir nechta fuqarolarga mahalladagi mavjud imkoniyatladan kelib chiqib, yashash sharoitini yaxshilash, kambag‘allikdan chiqarish uchun yaratib berilishi mumkin bo‘lgan sharoitlar borasida takliflar berdik.

– Bizga moddiy yordam emas, ishlab pul topib, ro‘zg‘orimizni tebratishimiz uchun sharoit qilib berilsa bo‘lgani, – deydi Oysifat Usmonova. – Tomorqamiz bor, unga tok ekkanmiz. Mehnat qilishdan qochmaymiz. Ammo suv muammosi mavjudligi sabab, yetarlicha hosil ololmaymiz. Uyimiz eski, topganimiz yeyish-ichishdan ortmaydi.

O.Usmonovaning uyiga borib, uning sharoiti bilan tanishdik. Haqiqatdan xonadonning ahvoli birmuncha og‘ir. Sobiq ittifoq davrida qurilgan uyning shiferi eskirib qolgan. Mavjud 70 tub tokning hosilidan keladigan daromad oila a’zolarining yeb-ichishi, mayda xarajatlariga yetadi, xolos. Xonadon sohibining aytishicha, agarda suv muammo bo‘lmasa, uzumdan yaxshigina hosil olish mumkin.

Mazkur xonadonni og‘ir ahvoldan qutqarish, kelajakka umid uyg‘otish uchun oilaga yordam berish kerak. Buni to‘g‘ri tushunib, avvalo uyini ta’mirlab olishi uchun ularga shifer yetkazib beriladi. Dehqonchilikda samarali hosil yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun esa tuman hokimligining homiyligi bilan suv nasoslari olib beradigan bo‘ldik.

Ishtixon tumani hokimi Shuhrat Negmatovning facebook’dagi sahifasidan olindi.