Ishtixondagi "MY5" telekanali muxbiri va hokimlik axborot xizmati rahbari o‘rtasida yuz bergan holat o‘rganildi

Ishtixon tumanidagi bozorda yuzaga kelgan yong‘in tafsilotlarini yoritish bo‘yicha hokimlik axborot xizmati va jurnalist bilan bog‘liq holat Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati hamda AOKA viloyat boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida o‘rganildi.

"MY5" telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov va hokimlik axborot xizmati rahbari Ilhom Boboyevning fikrlari, vajlari eshitildi.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari yong‘in bo‘lgan joy xavfli holatda ekanligini inobatga olib, yonib ketgan ustunlar odamlar ustiga qulashi mumkin, degan xavotirda fuqarolar tarqalgandan keyin tasvirga olasizlar, deb jurnalistdan kamerani o‘chirib turishni so‘raganligini bildirdi. Natijada o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ammo baribir keyinchalik telekanal xodimlari tasvirga olishni davom ettirgan. Matbuot kotibi kamera xotira kartasini (fleshka) olmaganligini, yutib yubormaganligini, bu gaplar asossiz ekanligini bildirdi. Biroq, tasvirga olmanglar, odamlar tarqalsin keyin tashkillashtirib beraman, deb operatorga aytib, kameraga teginganini aytdi.

«My5» telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulov ham boshida tuman hokimligi axborot xizmati rahbari tasvirga olishga qarshilik ko‘rsatganligini, keyinchalik esa muxbir tuman hokimi va boshqa bir qator fuqarolardan intervyu olganligini, matbuot kotibi bilan bozor hududini birga (boshqa fuqarolar ishtirokisiz) tasvirga olishganligini bildirdi. Kamera xotira kartasini (fleshka) matbuot kotibi olganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganini, boshqalardan bu haqda eshitgani hamda o‘zi tayyorlagan lavhada ham va boshqa nashr muxbirlari bilan suhbatda flesh-xotira yutib yuborildi degan so‘zni ishlatmaganligini bayon etdi. Kameraning ishdan chiqqanligi vaji bo‘yicha esa ayni paytda fotokamera ishlab turganligini, biroq tasvir sifati biroz pastligini (tasvirlar qoraroq) aytdi.

O‘rganish yakunida ikkala tomonga ham qonunchilik talablari va tartib-qoidalar tushuntirildi.

Ishtixon tumani hokimining 2021 yil 16 iyundagi farmoyishi bilan Boboyev Ilhomjon Isoqovichga “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi ma’lum qilindi.

«My5» telekanali muxbiri Otajon Rabbonaqulovga esa telekanal mulkiga ziyon yetkazilganligi vaji bo‘yicha asos mavjud bo‘lgan holatda sudga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi. Muxbir esa kamera buzilganligi holati bo‘yicha sudga murojaat qilmasligini, da’vosi yo‘qligini bildirdi.