Ishtixonning “ta’mirlangan” bozoridagi ta’mirtalab do‘konlar
Xalqimizda eskidan qolgan bir naql bor: “Biror millatning ma’naviyat va madaniyatini bilmoqchi bo‘lsang, bozoriga va mozoriga bor”, deydilar. Xo‘sh, bizning bozorlarimiz qay ahvolda?
Ishtixon dehqon bozori yaqinda ta’mirlanib foydalanishga topshirildi. Bundan nafaqat sotuvchi va xaridorlar, hatto haydovchilar ham juda xursand. Chunki qariyb ikki oy davomida yo‘lning qatnov qismigacha chiqib borgan sotuvchilar mashina qatnovida ham bir qancha noqulayliklar tug‘dirayotgan edi, deb yozmoqda “Ishtixon ovozi”.
Uzoq vaqt davom etgan ta’mirlash ishlaridan so‘ng bozor qanday ko‘rinishda ekanligiga qiziqib, bozorga yo‘l oldik. Kiraverishda zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan do‘kon va rastalarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. “Mana bu boshqa gap!” deb yuborasiz beixtiyor.
Ammo, tashqi qiyofasi chiroyli ko‘rinish olgan go‘sht do‘konlarining orqa tomoniga o‘tsangiz, ko‘nglingiz xira tortishi shubhasiz. Ajabo, “Sirti yaltiroq, ichi qaltiroq” deganlari shumikan?
Binoning orqa devori eski holicha, ya’ni ta’mirtalab ahvolda turibdi. Bozorda “ishdan bo‘shatilgan” eski rastalar betartib taxlab tashlangan. Natijada bu hudud o‘z-o‘zidan chiqindixonaga aylanmoqda.
Bu holni ko‘rib: “Eh attang, qachongacha xo‘jako‘rsinga ish yuritamiz-a?!”-dedik...