Isitish mavsumi boshlanganidan bexabar maktablar
Viloyat hokimi farmoyishiga ko‘ra, isitish mavsumi 26 oktyabrdan boshlandi. Xo‘sh, bu borada umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qanday ishlar amalga oshirilayapti? Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning ahvoli talab darajasidami? Shu kabi savollarga javob izlab, Kattaqo‘rg‘on shahridagi ayrim xalq ta’limi muassasalarida bo‘ldik.
Shaharda 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, ularda 16457 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shahar maktablarining hammasi zamonaviy isitish tizimi bilan ta’minlangan. Masalan, zamonaviy isitish tizimiga ega 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1385 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Maktab binosida 16 ta qozonxona mavjud bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyor. Ammo isitish mavsumiga o‘tilganidan maktab direktori Matluba Bozorovaning xabari yo‘q.
- Biz har yili 15 noyabrdan isitish mavsumiga o‘tamiz. Hali bunga erta. Hokimiyat bu borada bizga topshiriq bergani yo‘q, - dedi direktor.
Shunday katta maktabga ikki-uch kundan buyon toza ichimlik suvi kelmayotgan ekan. Direktor bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilgani, ular maktabda nega suv yo‘qligini o‘rganayotganini aytdi.
722 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joriy yil shahar hokimligi tomonidan 300 million so‘m ajratilib, kapital ta’mirlandi. Kuz-qish mavsumiga tayyor holga keltirilgan ushbu maktab rahbari ham isitish mavsumiga o‘tilganidan bexabar.
17-IDUM joriy yilda zamonaviy isitish tizimiga ega bo‘lgan.
- Shahar hokimligi va homiylar tomonidan sinfxonalarga zamonaviy isitish tizimi o‘rnatildi. Hatto, sport zallarimizga ham isitish moslamalari qo‘yildi, - dedi direktor Dilfuza Rustamova.
Ta’lim muassasasida sport zalidan tashqari, gimnastika va boks zallari ham mavjud. Bolalar sportiga bo‘lgan e’tibor va yaratilgan shart-sharoit maqtovga arziydi.
Shahardagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 17-IDUMda ichimlik suvi soatbay ertalab va kechqurun berilar ekan.
1340 nafar o‘quvchi o‘qiydigan 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joriy yilda “Obod mahalla” dasturi asosida to‘liq ta’mirdan chiqqan. Ta’mirlash ishlariga 2 milliard 48 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Yana 200 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilgan. Hozirda sport zal va oshxonada oxirgi ta’mirlash ishlari ketyapti.
Maktab binosining asosiy joylariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Zamonaviy jihozlangan, shinam ushbu ta’lim muassasasiga ichimlik suvi tashib keltiriladi. Hamma shart-sharoitga ega maktabda ichimlik suvi mavjud emas. Shahar maktablarida ichimlik suvi muammo bo‘lsa, olis qishloqlarda holat qanday ekan?
Kuzatishlardan shunday xulosaga keldik, Kattaqo‘rg‘on shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari hali isitish mavsumiga o‘tmagan. Bu holni yuqorida keltirilgan maktab direktorlari shahar hokimligidan hech qanday buyruq olmagani bilan izohlashdi. Viloyat hokimining farmoyishi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga qachon yetib boradi?
Xurshida ERNAZAROVA.