Iste’molchiga “Gentra” avtomashinasi olib berildi

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasidan ma’lum qilinishicha, federatsiyaga kelayotgan murojaatlarning ko‘p qismini avtomashina olish uchun to‘lov qilib, so‘ngra o‘z vaqtida avtomobilini ololmayotgan yurtdoshlarimizning shikoyatlari tashkil etmoqda.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi Xudoyberdi Mustafoyev ham Qarshi shahridagi “As-Qashqadaryo servis” xizmati tomonidan “Gentra” avtomashinasi uchun 115 679 409 so‘m to‘lov qilib, shartnoma tuzgan. Shartnomada keltirilgan muddatdan ancha vaqt o‘tib ketayotgan bo‘lsa-da, unga avtoulovi yetkazib berilmayotganligidan norozi bo‘lgan.

Ushbu vaziyat federatsiyaning Qarshi shahar ijro etuvchi apparati xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Fuqaroning qonuniy huquqlari avtosalon xodimlariga tushuntirilishi natijada qisqa fursatda Xudoyberdi Mustafoyevga “Gentra” avtomashinasi yetkazib berildi.