Istiqbolli kadrlar zaxirasiga saralab olingan yoshlarga ish o‘rinlari ko‘rsatildi
Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov shu yilning aprel, may oylarida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Samarqand davlat chet tillari instituti bitiruvchi talabalari bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ular orasidan bilimli va o‘z mutaxassisligini mahorat bilan egallagan yoshlarni ish bilan ta’minlashga so‘z bergandi. Bu borada oliygohlar bilan hamkorlik memorandumlari ham imzolangan.
Shundan kelib chiqib, bugun tumanda bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash maqsadida tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida bitiruvchi yoshlar tumandagi korxona va tashkilotlarning faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirildi, egallayotgan kasbi va sohasiga ko‘ra ish o‘rinlari taklif etildi.
Shundan so‘ng tuman hokimligida tuman hokimi S.Astonov, viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev, tumandagi tashkilot va muassasalarning rahbarlari hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga saralab olingan bitiruvchi yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ro‘yxatga olingan yoshlarning bugungi kundagi bandligi tahlil qilinib, hozirga qadar ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Bunda har bir yoshga yo‘nalishiga ko‘ra mas’ullar – hokim o‘rinbosarlari biriktirildi. Bu yoshlarning nafaqat bandligini ta’minlash, balki kelgusida ularni lavozimda o‘stirish masalalari ham doimiy nazoratda bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Bu masala esa tuman hokimining doimiy nazoratida bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: 2022 yilda viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan 31 nafar talabaning 4 nafari tashkilot va korxonalarga ishga joylashtirilgan.
Shulardan 2 nafari xalq ta’limi, 2 nafari qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Istiqbolli yosh kadrlarning 2 nafari tuman tijorat banklariga, 2 nafari xalq ta’limi idoralariga, 2 nafari oliy ta’lim muassasalarida ishlash uchun hujjat topshirgan.
Shuningdek, 1 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelmoqda, 3 nafari ilmiy faoliyatini davom ettirishini bildirgan, ulardan 1 nafari Angliya davlatiga o‘qish uchun ketgan. Qolgan 17 nafar istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan talabalarni ish bilan band qilish uchun chora-tadbirlar belgilangan.