Italiyada O‘zbekistonning bir qator shaharlari, jumladan, Samarqandning turistik taqdimot bo‘lib o‘tdi
Taqdimot O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizning Toskana va Umbriya viloyatlaridagi Faxriy konsulligi hamda Italiyaning «Adventus Tour» kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan.
Unda 60 ga yaqin turistik agentlik vakillari ishtirok etgan. Taqdimotda O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev tinglovchilarning e’tiborini O‘zbekistonning madaniy va ilmiy almashinuvlarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro jarayonlar va tashabbuslarning targ‘ibotchisi sifatidagi tobora oshib borayotgan roliga qaratdi. Ushbu sa’y-harakatlar oktyabr oyida O‘zbekistonda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkazilishi, shuningdek, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish qarorida o‘z tasdig‘ini topdi.
Tadbirda 2023 yilda Italiyadan O‘zbekistonga sayyohlar soni uch baravar ko‘payib, 23 ming kishidan oshgani ham qayd etildi.
"Mirzo Ulug‘bek" milliy-madaniy markazining direktori Komila Kirgizova italiyalik mehmonlarni O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlarning qiziqishini uyg‘otadigan va e’tiborini tortadigan ko‘hna markazlar – Samarqand, Buxoro va Xiva bilan tanishtirdi.
Italiyaning «Adventus Tour» kompaniyasi rahbari kompaniya har yili O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab mingga yaqin Italiya fuqarolarini yuborishini ma’lum qilib, sayyohlar orasida ushbu yo‘nalish yuqori talabga egaligi va shu sababli "Uzbekistan Airways"ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslariga aviachiptalar bir necha oy oldin bron qilinishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Italiya fuqarolari ham so‘zga chiqdilar. Italiyalik mehmonlar mamlakatimizning madaniy-me’moriy jozibadorligi, mahalliy aholining mehmondo‘stligi, O‘zbekistondagi yashash va harakatlanish uchun qulay sharoitlarni yuqori baholab, bir ovozdan fikr bildirishdi.
Tadbirda ishtirok etgan Italiya kompaniyalari taqdimot davomida O‘zbekiston imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lganlari, mamlakatimiz yo‘nalishida sayyohlar guruhlarining muntazam safarlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqishlarini bildirdilar, deya xabar beradi Dunyo AA.