Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Davlat bojxona qo‘mitasining shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi

Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Davlat bojxona qo‘mitasining shaxsiy tarkibi ishtirokidagi tantanali tadbirda qatnashdi. Videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy kinologiya markazi va Bojxona instituti shaxsiy tarkibi ham masofadan turib ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi K.Mikuriyaga mamlakatimiz bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ko‘rgazmali tarzda batafsil ma’lumotlar berildi, shu mavzuda tayyorlangan ingliz tilidagi maxsus rolik ham namoyish qilindi.

2018 yilda bojxona organlari faoliyatini tubdan isloh etish, tadbirkorlik va turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, 2018 yil 1 yanvardan respublikamizning xalqaro aeroportlarida ikki yo‘lakli (“qizil” va “yashil”) tizim ishga tushirildi. Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda 4 yo‘lakli (“qizil”, “sariq”, “yashil” va “ko‘k” yo‘laklari) avtomatlashtirilgan Xavfni boshqarish tizimi 2019 yilning 1 martidan boshlab to‘laqonli ravishda amaliyotga tadbiq qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasi ham bojxona protseduralarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha Kioto konvensiyasiga qo‘shilish sari dadil qadamdir.

Bosh kotib O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga qaratilgan aniq maqsadli islohotlarni, bu boradagi ochiq tashqi siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Mamlakatning iqtisodiy, madaniy va tarixiy jihatdan mintaqada strategik o‘ringa egaligini hisobga olib, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida Jahon bojxona tashkiloti ham o‘z hissasini qo‘shishini ma’lum qildi.

Tadbir davomida davlat bojxona xizmati organlarida o‘rnak ko‘rsatib xizmat qilib kelayotgan bir guruh faol xodimlarga shaxsan Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi tomonidan imzolangan nufuzli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.


Davlat bojxona qo‘mitasi
axborot xizmati.