Jahon bozoriga qanday chiqish mumkin?
Bugungi kunda universitetda tahsil olayotgan bo‘lsam-da mamlakatimiz ertasi, iqtisodiyoti rivoji uchun hissa qo‘shishga, buning uchun nima qilishimiz zarurligi haqida aniq takliflar bildirish, mushohada yuritishga qiziqaman. Zero, Prezidentimiz biz, yoshlardan yurtimiz istiqboli uchun befarq bo‘lmaslikni talab qilmoqda. Shu bois bu borada o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida 2019 yil «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da barcha manbalar hisobidan qariyb 138 trillion so‘mlik yoki 2018 yilga nisbatan 16 foizga ko‘p investitsiya jalb etilishini bildirdi.
Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya miqdori o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar oshirilib, 4,2 milliard dollarga yetkazilishi natijasida 142 ta zamonaviy korxona ishga tushirilishini e’lon qildi.
Buning uchun ishlab chiqarish jarayonini zamonaviylashtirib, ilg‘or texnologiya malakali ishchi kuchi jalb etgan holda, avvalo, mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, importni qisqartirish va asosiysi, mamlakat eksport salohiyatini oshirish orqali jahon iqtisodiyotiga yaqinlashishtirish imkoniyatini yaratadi. Birgina qishloq xo‘jaligini oladigan bo‘lsak, bu sohada keng imkoniyatlarimiz bo‘lsa-da, imptort tovarlar qatorida oziq-ovqat mahsulotlari ham katta salmoqni tashkil etadi. Shu bois mamlakatimizda yetishtirilgan paxtani qayta ishlashni 52 foizga yetkazish maqsadida 48 ta paxta to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmoqda. Shu bilan birga g‘alla va meva-sabzavotchilik klasterlari rivojlantirilyapti. Bu, avvalo, importni kamaytirish va xorijga mahsulot sotishni ko‘paytirish bilan birga ahorli bandligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakatimizga kiritilayotgan investitsiyalar asosan mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, yuqori texnologiyaga asoslangan yangi ishlab chiqarishlarga yo‘naltirilayotgani ham ahamiyatli. Bu usul dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari tajribasida sinovdan o‘tgan va muvaffaqiyat keltirgan. Asosiysi, raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish orqali jahon bozoriga chiqish va mustahkam o‘rin egallash imkoniyatlari ortadi.
Shu bois mamlakatimizda yuqori texnologiyaga asoslangan yangi korxona va ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish, ishlab turgan qishloq xo‘jalik korxonalari quvvatlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni yangilash jarayonlarini jadallashtirish zarur.
Yulduz SOLIYEVA,
Samarqand davlat universiteti talabasi.