Jamoat transporti: avtobuslar yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatyaptimi?
Viloyat transport boshqarmasi tashabbusi bilan aholiga jamoat transporti xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Jurnalistlar dastlab “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxona “Yashil shahar” loyihasiga asosan 100 dona ekologik xavfsiz bo‘lgan elektrobus keltirib, aholiga jamoat transporti xizmatini tashkil etgan. Hozircha ularning 6 tasi shaharning ichki yo‘nalishlarida harakatlanmoqda. Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mablag‘i hisobidan Samarqandga keltirilgan elektrobuslar uchun 3 ta zaryadlash kolonkasi ishlab turibdi.
- Elektrobuslarimiz M-1, ya’ni “Temiryo‘l vokzali – Samarqand xalqaro aeroporti” yo‘nalishi bo‘ylab kuniga 8 marta qatnab, 1000 nafarga yaqin yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazib qo‘ymoqda, - deydi “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat korxonasi bosh muhandisi Abdukarim Samatov. – Yil yakunigacha yana 94 ta elektrobus va 50 zaryadlash uskunalari keltirish rejamiz bor. Ayni paytda 40 ga yaqin tajribali haydovchini sinovdan o‘tkazib, ishga qabul qilganmiz. Elektrobuslarni ishlab chiqargan xitoylik hamkorlarimiz tomonidan ular zamonaviy transport vositalaridan foydalanish sirlarini o‘rganib bormoqda.
- Bir necha yil xorijda shahar yo‘nalishlarida avtobus haydab, tajriba orttirganman, - deydi elektrobus haydovchisi Jo‘ramurod Hojiyev. – Yo‘llarimiz biroz torligini aytmasak, yo‘nalish juda qulay, yo‘lovchilar ham o‘zlarini yaxshi his qilmoqda. Kuniga 650 ming so‘m naqd pul tushumidan tashqari elektron hisob (ATTO)da ham pul to‘lovlari qilinadi.
Korxonada haydovchilarning yo‘lga chiqish oldidan tibbiy, jamoat transportlarining esa texnik ko‘rikdan o‘tishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari “Maroqand trans 777” MChJ avtosaroyida bo‘lib, bu yerda haydovchilarga yaratilgan sharoitlar, avtobus saroyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jamiyat ta’sischisi F.Jo‘rayev korxonaga Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan 100 dona avtobusning texnik jihatlari, yo‘lovchi tashishdagi imkoniyatlari haqida so‘zladi.
Yangi tashkil etilgan korxonada 120 nafar haydovchi, 40 nafar texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning ishlash va dam olishlari uchun ko‘rkam bino qurildi.
- Avtobuslarimiz har kuni ertalab soat 6:00 dan boshlab 11 ta yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lga chiqishadi, -deydi korxona direktori Farhod Norqorayev. – Ular bir kunda 60 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
- Yangi avtobuslarda haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilarga ham qulaylik yaratilgan, - deydi haydovchi Ahmad Mamadaliyev. – 13 yildan ko‘proq jamoat transporti tizimida ishlagan bo‘lsam, hali birortasida bunaqa sharoit ko‘rganim yo‘q. Yo‘lovchilar ham mamnun, tushayotganida rahmat aytib ketishadi. Oylik maoshlarimiz ham kam emas. Kuniga mingdan ziyod yo‘lovchi tashiyman, qilayotgan ishimdan o‘zim ham xursand bo‘laman.
“Maroqand trans 777” MChJ rahbarining ta’kidlashicha, xitoylik hamkorlar bilan yana 37 million dollar evaziga 250 ta avtobusga shartnoma qilishgan. 2024 yilda yana 150 ta elektrobus va 100 ta gaz bilan harakatlanuvchi avtobuslar olib kelinadi.
Press-tur davomida transport sohasi mutasaddilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.