Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirishini qoraladi
Janubiy Koreya prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) KXDR tomonidan ballistik raketa uchirilganini qoraladi va Pxenyanni Koreya yarimorolidagi keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi, deb yozadi “Renxap”.
MXK a’zolari Shimoliy Koreyaning bir necha bor ballistik raketa uchirishi “Koreya yarim orolidagi tinchlik va barqarorlikka zid” ekanini aytdi.
Kengashda qatnashgan Milliy Xavfsizlik Kengashi a’zolarining qayd etishicha, uchirish Ukrainadagi inqirozning “og‘ir pallasida”, Pekinda Paralimpiya o‘yinlari davom etayotgan va Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari boshlanishi oldidan amalga oshirilgan. MXK Shimoliy Koreyani “zudlik bilan keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlarni to‘xtatish”ga chaqirdi.
MXK a’zolari, shuningdek, shimoldagi yadroviy va raketa inshootlari monitoringini kuchaytirish va kerak bo‘lsa, qarshi choralarni faol ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, AQSh Davlat departamenti vakili Shimoliy Koreya raketa uchirishini BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalarini ochiqdan-ochiq buzish deb ataganini «Renxap» agentligi iqtibos sifatida keltirgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat departamenti vakili Shimoliy Koreyani keyingi provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik va muloqotga qaytishga chaqirgan. “Biz xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda KXDRni Xavfsizlik kengashi rezolyusiyalariga rioya qilishga, keyingi provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslikka, doimiy va mazmunli muloqot olib borishga chaqiramiz”, dedi vakil.
O‘z navbatida, Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kisi yapon OAVlariga hukumat Yaponiyaning Pekindagi elchixonasi orqali Shimoliy Koreyaga norozilik bildirganini aytdi. Pxenyan bu yil raketa uchirishlarni “juda yuqori chastotada” amalga oshirgani aytilmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreya harbiylari KXDR Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirgani haqida xabar bergan edi. Uchirish Pxenyandagi Sunan hududidan amalga oshirilgan. Janubiy Koreya harbiylari ballistik raketa 550 km. balandlikda taxminan 270 km. masofaga uchganini ma’lum qilishdi.