Janubiy Koreya hukumati o‘zbekistonlik talabalar uchun viza olish talablariga o‘zgartirish kiritdi
Janubiy Koreya hukumati talabalar orasida noqonuniy muhojirlar sonining keskin oshib ketishi sababli o‘zbekistonlik yoshlar uchun beriladigan D-2 va D-4 vizalarini olish talablarini qiyinlashtirdi.
Xususan, viza hujjatlariga quyidagi o‘zgarishlar kiritildi:
1. Bank depozit hujjatlari:
Bakalavr, magistr va PhD uchun 20,000$ lik depozit bank hisob raqamida kamida 3 oy davomida turgan bo‘lishi shart.
D-4 viza - til kurslari uchun KDB bankdagi hisob raqamda 3 oy davomida turgan bo‘lishi shart.
Agar bank ma’lumotnomasida depozitning saqlanish muddati aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, boshqa banklardan olingan ma’lumotnoma ham qabul qilinishi mumkin.
2. Ota-onasi daromadlari haqida ma’lumot:
- ota-onasi rasmiy ish joyidan ma’lumotnoma (inglizchaga tarjima qilingan bo‘lishi va berilgan tashkilot telefon raqamlari ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);
- ota-onasining bank kartalari hisob raqamlaridagi pul kirim-chiqimlari haqida ma’lumotnoma yoki shaxsiy mol-mulkka egalik haqida ma’lumotnoma.
Viza berilmagan holatda, berilmagan kundan boshlab 3 oy davomida qayta hujjat qabul qilinmaydi (avval 1 oy edi).
3. Tilni bilish sertifikati (qalbaki sertifikatlar ko‘payib ketganligi sababli):
- ingliz tili bo‘yicha bakalavr, magistr, PhD: eng kamida IELTS 5.5, TOEFL 530 yoki TOEFL IBT 71 sertifikati ham qo‘shimcha topshiriladi. Sertifikating haqiqiyligi elchixonada tekshiriladi.
Koreys tilida o‘qiydiganlar uchun: kollej uchun TOPIC 3, universitet uchun TOPIC 4 va undan yuqori.
Yuqoridagi talablar 1 may kunidan amal qilishni boshlagan.