“Jartepa” chegara bojxona postida 20 million so‘mdan ziyod zargarlik buyumlari to‘xtatib qolindi

Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarining yashirin yo‘llar bilan olib o‘tilishiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Shunga qaramasdan, hamon bojxona qonunbuzilishi holatlari uchrab turibdi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi A.I. qo‘shni davlatdan O‘zbekiston Respublikasiga “Jartepa” chegara bojxona posti orqali kirib kelganda unga tegishli bo‘lgan qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Fuqaro A.I. bojxona chegarasi orqali bojsiz olib o‘tish me’yorlaridan xabardor bo‘la turib, boshqa fuqarolardan “tashmachi” sifatida faydalanib, umumiy qiymati 20 million so‘mdan ziyod, jami 503 gramm kumushrang metalldan yasalgan zargarlik buyumlarini bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tayotganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxonachilar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan vazni 65 grammgacha bo‘lgan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.