"Jartepa": o‘tish soni ham, sur’ati ham ortgan

Samarqand viloyatida 2018 yilning birinchi choragida 69,7 mln AQSh dollarilik tovarlar eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida eksport qilingan tovarlar qiymati 85,5 mln dollarga yetdi. Ko‘rsatkich 23 foizga oshgan. 

Eksport ulushining tezkor ortishida mamlakatimizning chegaradosh davlatlar bilan qo‘shnichilik aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘yilayotgani ham omil bo‘layotir. "Jartepa" chegara bojxona postining 2018 mart oyida ochilishi ikki davlat ishbilarmonlari va tadbirkorlari uchun ham katta imkoniyat eshigini ochdi. Bugungi kunda samarqandlik tadbirkorlar Tojikistonga, jumladan, Sug‘d viloyatiga gilam va gilam mahsulotlari, elektrotexnika vositalari, mineral va kimyoviy o‘g‘itlar, parranda-naslchilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilmoqda.

Mazkur bojxona posti xodimlarining samarali faoliyat olib borishlari natijasida post orqali harakatlanayotgan eksportga yo‘naltirilgan yuk avtomashinalari tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda. Chegara o‘tkazish punktlarida tirbandliklar oldini olish maqsadida bojxona nazoratining zamonaviy texnik vositalari bazasi doimiy yangilanmoqda. Xususan, DBQ hamda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan mazkur chegara bojxona posti orqali fuqarolar va transport vositalarining harakatini nazorat qilish videokuzatuv tizimi orqali onlayn tarzda olib borilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkor va haydovchilar uchun yana bir qulaylik yaratish maqsadida endilikda DBQning www.bojxona.uz rasmiy veb-saytidagi "Tadbirkorlar uchun zarur ma’lumotlar" rukni orqali chegara bojxona postlarida navbatda turgan avtotransport vositalari soni, BYuDning rasmiylashtiruvdagi holati va ochiq turdagi bojxona omborlari bo‘yicha onlayn ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.

Shuning bilan birga eksport tovarlarini bojxona nazorati zonasidan tezda o‘tkazish uchun "Jartepa" posti darvozasiga "Eksport rejimiga rasmiylashtirilgan yukli avtotransport vositalari navbatsiz harakatlanadi", "Eksport yo‘nalishi bo‘yicha savollar yuzasidan (66) 230-42-42 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin" nomli eslatmalar o‘rnatilgan. 

 

Samarqand viloyati

bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati.