Jartepada sayyor tartibda davlat xizmatlari: bu imkoniyatdan kimlar foydalandi?
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Urgut tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tumanning Jartepa mahallasida fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatdi.
- “Sayyor davlat xizmatlari siz uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda fuqarolarga nafaqat davlat xizmatlari ko‘rsatildi, balki ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida tizimdagi va qonunchilikdagi yangiliklar targ‘ib qilindi, - deydi Urgut tuman davlat xizmatlari markazi direktori M.Xaliqov. – Fuqarolar murojaatlarining aksariyati jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchining identifikatsion raqamini (STIR) olish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, suv tarmog‘iga ulanish, farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun yo‘llanma berilishi kabilardan iborat bo‘ldi. Ko‘rsatilgan xizmatlardan Jartepa mahallasi hamda ushbu hududga yaqin bo‘lgan Tinchlik, Rahmatobod, Boybo‘l, Vatak, Mo‘g‘ol, So‘fiqishloq, Uzunqishloq, Ishchan, Quyiqishloq qishloqlarida istiqomat qiluvchi 200 dan ortiq aholi samarali foydalandi.
Shuningdek, ushbu tadbirda mahalla yoshlari ham ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan yoshlar uchun qiziqarli va foydali bo‘lgan muhim huquqiy ma’lumotlar, xususan, notariat, davlat xizmatlari hamda tadbirkorlik sohalariga doir ma’lumotlar berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.