Javohir – Ergash Jumanbulbul avlodi
Taniqli shaxmatchimiz Javohir Sindorovning Hindistonning Goa shahrida jahon kubogini qo‘lga kiritishi Vatanimiz uchun chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Binobarin, davlatimiz rahbarining Javohirni telefon orqali tabriklashi va unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi» unvonini berishi, tabiiyki, barcha yurtdoshlarimizda havas uyg‘otdi. Buni men Vatanning fidoyi o‘g‘lonlariga chinakam hurmat, deb bilaman.
Javohir bilan biz, qo‘shrabotliklar faxrlanamiz. Chunki barchamiz Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining shajarasiga tegishli Sindor boboning o‘g‘li Oydin Sindirov avlodlarimiz. Javohir garchi, Toshkentda o‘sib-ulg‘aygan bo‘lsa-da, unda buyuk oqin Ergash bobomizning qoni bor. Otasi, zukko huquqshunos olim, bir necha qissalar muallifi Komiljon Sindorovning ana shu farzandining shaxmatchi bo‘lishi uchun nechog‘lik mashaqqat chekkanidan, harakat qilganidan, uni doim qo‘llab-quvvatlaganidan xabardorman. Qolaversa, mamlakatimizda yosh iqtidorlarga yaratilayotgan sharoit ham havas qilsa arzigulik.
Javohirning bu g‘alabasi albatta mehnat, mashaqqat, sabr-qanoat samarasidir. Shu o‘rinda men Javohirning bu jasorati uni o‘z yurti, xalqi oldidagi farzandlik burchining mas’uliyati ham, deb tushunaman.
Barchamizga farzandlarimiz, avlodlarimiz kamolidan faxrlanish, farzandlarimizga esa shu ulug‘ yurtga munosib bo‘lish nasib etsin!
Aktam Sindorovich O‘ROLOV,
SamDAQI professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.
(Suratda: Javohir 2018 yil dekabrda “Zarafshon” gazetasi tahririyati mehmoni bo‘lgan edi)