Jiyan amakiga tig‘ urdi yoxud oshkora qotillik qissasi...

O‘qimagan bo‘lsangiz, uning g‘oyasini ikki og‘iz gap bilan ifodalash mumkin.

Asarda jinoyat sodir etiladi. Hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lgan voqyealar oxirini odamlar oldindan biladi, sezadi. Hatto qurbonning o‘zi ham. Ammo loqaydlik, hafsalasizlik, beg‘amlik sababli yosh va begunoh bir yigit o‘ldiriladi.

***

Xo‘jaobod qishlog‘ida noxush xabar tarqaldi. Jiyan o‘z amakisini pichoqlab qo‘yganmish. Avvaliga arzimasdek tuyulgan mulk talashish shunday og‘ir oqibatga olib kelibdi.

Qo‘lbosti mahallasida mazkur jinoyat tafsilotlari, unga sabab bo‘lgan omillar muhokama qilindi. Huquq-tartibot idoralari, tuman hokimligi vakillari, faollar ishtirok etgan yig‘ilishda ko‘pchilik bir narsani ta’kidladi. Jinoyatga qo‘l urgan jiyan aslida og‘ir-bosiq, mulohazali yigit bo‘lgan. Amakisi bilan mulk talashganini ham hyech kim bilmagan (!). Mahalla mutasaddilari ham, keksalar ham shunday deyishyapti. Go‘yo, bunday ko‘ngilsizlikka nima sabab bo‘lganini hyech kim bilmaydi.

Jinoyat huquqida shunday qoida bor. Ya’ni, uchinchi shaxsning ishtirokisiz jinoyat sodir etilmaydi! Bu degani, kamida unga yetaklagan omillardan kim(lar)dir albatta xabardor bo‘ladi. Mahalla instituti dunyoda o‘xshashi yo‘q tizim, deymiz. Atrofimizda yuz bergan sal kam QOTILLIK haqida xabarim yo‘q edi, deyish qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Keling, shu o‘rinda tafsilotlarga to‘xtalamiz. O‘zi voqea qanday sodir bo‘lgandi?

Qachonlardir kolxoz ishchisiga to‘lanmay qolgan oylik maoshi hisobidan bir kaft yer xatlab berilgan. U o‘sha joyga keyinchalik, do‘kon qurib, foydalana boshlaydi. 2016 yilda mulkdor vafot etib, do‘kon farzandlariga meros sifatida o‘tadi. Ammo, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib qo‘yish na otaning, na farzandlarning xayoliga kelgan. Aqalli, mahalla yoki sohaga aloqador mutasaddi tashkilotlar bu haqda ogohlantirish yoki maslahat ham bermagani kishini o‘ylantiradi.

Xullas, do‘konni otasidan meros qilib olgan farzand o‘sha – amakisiga tig‘ urgan jiyan bo‘ladi. Xo‘sh, buning jinoyatga nima aloqasi bor, dersiz. Gap shundaki, o‘tgan yil boshlarida amaki do‘kon o‘ziniki ekani, hujjatlari ham borligini iddao qila boshlaydi. Bir necha marta xaridor yetaklab kelib, sotmoqchi bo‘ladi. Bu orada aka-ukalar kelishib, amakilariga ma’lum miqdorda "ijara" ham to‘lashga rozi bo‘lishadi. Avval bu taklifga ko‘ngan amaki ko‘p o‘tmay fikridan qaytadi. Natijada, qariyb bir yil davom etgan kelishmovchilik jiyanning qo‘liga tig‘ olishi bilan yakun topadi.

Bo‘lgan voqea shundan iborat. Endi, mulohaza qilib ko‘raylik. Amaki-jiyan o‘rtasida shuncha mojaro yuz bergan bo‘lsayu, bundan hyech kim xabardor bo‘lmasa? 

Modomiki, muammo mulk ustida ekan, mutasaddi tashkilotlarga, tuman hokimligiga, boringki, sudga murojaat qilish, o‘zaro kelishuvga erishish mumkin edi-ku. 

Davlatimiz rahbari har bir ma’ruzasida mahalla institutining roli, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, jinoyat va huquqbuzarliklarga bar¬ham berish masalasiga to‘xtalyapti. Shu maqsadda profilaktika inspektorlari, mahalla mutaxassislari, "Nuroniy" jamg‘armasi faollari har jihatdan qo‘llab-quvvatlanyapti. "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashkil etildi. Ammo natija-chi?

Yig‘ilishga ayblanuvchining oila a’zolari ham taklif qilingan ekan. Turmush o‘rtog‘i besh yashar farzandini ham olib kelibdi. Qizaloq odamlarga birma-bir ko‘z yugurtiradi. Onasiga savol nazari bilan qaraydi. Aftidan, bir necha haftadan beri uyida ko‘rinmay qolgan dadasini izlayapti. Endi uning savol aks etgan nigohiga "Men bundan bexabar qolgandim", deb bo‘ladimi?

Muhokamada qatnashgan tuman hokimi U.Nazarov jamoatchilik nazorati borasida bir qator kamchilik va muammolarga to‘xtaldi. Yuz bergan fojiaga jamoatchilik vakilllari birday javobgar ekanini aytdi. 

Qiziqqonlik oqibatida jinoyatga qo‘l urgan jiyanning xulq-atvori ko‘pchilik tomonidan ijobiy tavsiflangani inobatga olindi. Huquq-tartibot idoralari va suddan jamoatchilik kafilligi asosida qonuniy yengillik berilishi so‘raldi.

Afsuski, jinoyat sodir bo‘ldi. Jazo esa muqarrar. Bu har birimizga saboq bo‘lishi kerak. Shoyad sergak tortsak. So‘zimiz oxirida sharq donishmandlaridan birining fikrini esga olsak: "Jinoyatchi bilan qo‘shni ekaning farzanding bo‘lajak jinoyatchi bo‘lishini anglatadi". Bunday qismat hyech birimizga kerak emas!

Orifjon ODILOV, "Jomboy tongi" muxbiri.