«Jomboy» klubi O‘zPFL qatnashchilari safidan chiqarildi
2022 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh 2021 yilgi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazgan futbol klublarining umumiy ish faoliyati, ijro intizomi, musobaqada ishtirok etish va litsenziyalash bilan bog‘liq talablarning bajarilishini o‘rgandi.
«Bu jarayonda «Jomboy» futbol klubi «2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti» hamda «Litsenziyalash reglamenti»dagi qator talablarni bajarmagani ma’lum bo‘ldi.
«Jomboy» futbol klubi O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasining 2022 yil 24 fevral kunidagi 02-sonli yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan qarorga asosan umumiy ish faoliyati belgilangan tartibda tashkil etilmagani, hujjatlar umuman yuritilmasligi, klub faoliyatini tashkil qilishi uchun ofis mavjud emasligi, futbolchi va murabbiylar uchun ish haqi to‘lanmasligi, buxgalteriya hisobi yuritilmasligi, umuman moliyalashtirish manbalariga ega emasligi, 2021 yilda belgilangan tartibda moliyalashtirilmagani sababli O‘zbekiston Professional futbol ligasi qatnashchilari safidan chiqarildi», - deyiladi PFL xabarida.
«Jomboy» futbol klubiga O‘zbekiston Professional futbol ligasi qatnashchilari safidan chiqarilgani sababli Samarqand viloyatining 2-Liga musobaqasida qatnashish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jomboy tumani sharafini himoya qiluvchi ushbu klub 2020 yilda pulka orqali Birinchi ligaga yo‘llanma olgandi.
O‘tgan mavsumda «Jomboy» klubining aksariyat o‘yinchilari totalizator o‘yinlariga aralashgani haqida xabarlar tarqalgandi.