Jomboy tumanida og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi oilalar uchun bepul uy-joy qurilyapti
Jomboy tumani Uzunovul massivida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun ijtimoiy yotoqxonalar bunyod etilyapti.
Qayd etish joizki, ushbu maskanda joylashgan ikki xonali, kichik hovliga ega xonadonlar ehtiyojmand xotin-qizlarga mulk huquqi e’tirof etilmagan holda beg‘araz, bepul ajratiladi.
– Sentyabr oyida ijtimoiy yotoqxonalarning dastlabki 13 tasi foydalanishga topshiriladi, – deydi tuman arxitektori I.Rashidov. – Ushbu uylarda yashash uchun barcha sharoitlar hisobga olingan. Loyiha davom etadi. Joriy yil so‘ngiga qadar 25 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi oilalar shunday uylarga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda.
Qo‘lbosti mahallasida istiqomat qilib kelgan M.Azimova oilasi uchun bugun unitilmas kun bo‘ldi. Ijtimoiy yotoqxonalarning dastlabkisiga ko‘chib o‘tgan ushbu oilada ikki nafar voyaga yetmagan bolalar tarbiyalanmoqda.
– Uzoq vaqt ijarada yashadik, – deydi M.Azimova. – Yangi uy-joylardan xarid qilishga iqtisodiy imkonimiz yetmasdi. Biz kabi xotin-qizlar uchun imkon topgan, muammolarimizga yechim topilishida bosh qo‘shgan barcha mutasaddilardan minnatdorman.