Jomboyda Davlat xizmatlari markazi binosi foydalanishga topshirildi
175 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan tuman aholisi endilikda zamonaviy qulayliklarga ega, innovatsion markaz binosida tezkor hamda shaffof xizmatlardan bahramand bo‘ladi.
– Bir necha yillar oldin arzimas yumushlarni bajarish uchun ayrim davlat idoralari eshigi oldida sarg‘ayib o‘tirilardi, – deydi mehnat faxriysi T.Vohidov. – Birgina, uy-joyimning kadastri uchun qilgan yugur-yugurlarni eslagim kelmaydi. Endilikda, bunday sarsongarchiliklar yo‘q. Shunday yaxshi tashabbuslar ko‘payaversin.
– Jomboy tumani Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 2020 yilning o‘tgan 10 oyi davomida jami 24177 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan, – deydi markaz direktori R.Rahmatov.
Xususan, 1069 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, xorijiy investitsiya ishtirokidagi 4 ta korxona davlat ro‘yxatiga olindi. Yangi binoda aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshib, bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Markazning yangi binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan bo‘lib, eng zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan. Markazga kirishingiz bilan sizni xushmuomala xodimlar kutib olishadi va tegishli tartibda yo‘naltiradi. Elektron navbat tizimi 4 ta monitorda aks etadi, 20 ta qabul oynasida ko‘rsatiladigan xizmatlarda shaffoflik asosiy mezon sanaladi.
Ta’kidlash joizki, ilgarigi binoda kutish zalining torligi bois, murojaatchilar ichkariga kirsa, qolganlari yo‘lakda kutib qolishardi. Bu esa aholi uchun noqulaylik tug‘dirardi.
Markaz binosida tuman fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limi, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar xonasi, notarius bo‘limi, bank kassasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, kutish zalida mo‘’jaz kutubxona mavjud bo‘lib, fuqarolar bu yerda jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlarini mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Aholi uchun barcha shart-sharoitlarni o‘zida mujassamlashtirgan Davlat xizmatlari markazining innovatsion binosi barpo etilishida “Alijon qurilish servis” MChJ qurilish jamoasi jonbozlik ko‘rsatdi.