Jomboyda foydalanilmayotgan bino ta’mirlanib, muhtoj oilalarga uy-joy qilib berildi
Tumandagi Qo‘lbosti mahallasi hududida bo‘sh turgan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi tuman hokimligi balansiga olinib, rekonstruksiya qilingach, uy-joylarga aylantirilgan.
Mazkur xonadonlar ijtimoiy himoyaga muhtoj 33 nafar ayolga topshirildi. Bu ish uchun byudjetdan 1,1 milliard so‘m sarflangan. Yangi xonadonlarga, ichimlik suvi, elektr tarmog‘i tortilgan va oilalarga bittadan gazballon berilgan. Kam ta’minlangan oilalarning 44 nafar farzandiga sunnat to‘yi ham qilib berilgan.
Xuddi shunday tumanning Uzunovul massivida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 8 ta xonadon topshirildi va 6 nafar bolaning sunnat to‘yi ham o‘tkazildi. Bu mahalladagi uylarning qurilishiga homiylar o‘z hissasini qo‘shgani aytilmoqda. Xususan, “Hasana” jamoatchilik vakillari qariyb 500 million so‘m sarflagan.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz Mirziyoyevning joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqandga tashrifi davomida Jomboyda foydalanilmayotgan binolarni ijtimoiy yotoqxona aylantirish topshirig‘i berilgandi.