Jomboydagi yelim ishlab chiqarish sexida yong‘in yuz berdi

Kecha, 16 noyabr kuni soat 12:44 da Samarqand viloyati Jomboy tumani Nazar MFY “CHINLATEKS” MChJ hududida joylashgan kley ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 12:55 da yetib borib, yong‘in soat 14:50 da qurshab olingan va soat 15:51 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida sexning taxminan 400 kv.m. maydonda tomi, shifti va ichki qismida kley maxsulotlari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz vaziyatlarning oldini olish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishni so‘rab qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 15 noyabr kuni mazkur tumanda gilam sexida ham yong‘in sodir bo‘lgani haqda xabar berilgandi.