Jomboydagi korxonada kelib chiqqan nizo oqibatida ishchilar tan jarohati olgan, "Traiblazer"ga shikast yetgan

Joriy yilning 28 oktyabr kuni “Jomboy don mahsulotlari” AJ direktori Q.Sh. Jomboy tumani IIBga murojaat qilgan.

U o‘z arizasida shu kuni soat 8:30 da ushbu korxonada yuk mashina haydovchisi vazifasida ishlab kelayotgan aka-uka A.B. va N.B.lar AJ hovlisiga kelib, N.B. va korxonaning boshqa ishchilari bilan o‘zaro oldindan davom etib kelayotgan kelishmovchilik sababli tortishayotgan vaqtida N.B.ning akasi A.B. korxona hovlisida turgan, “Jomboy don mahsulotlari” AJga tegishli qora rangli “Traiblazer” rusumli xizmat avtomashinasining eshigi ochiqligi va kaliti o‘zida turganligidan foydalanib, avtomashinani haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirib, uni olib qochish maqsadida o‘t oldirgan hamda korxona hududidan boshqarib chiqib ketishga urinadi.

Ammo qo‘riqchilar tomonidan chiqish darvozalari berkitib qo‘yilganligi sababli o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda avtomashinani olib qocha olmay, boshqaruvni yo‘qotib, korxonaning ta’mirlash ishlari olib borilayotgan qismiga to‘qnashgan va avtomashinaga shikast yetkazib, undan tushib voqea joyidan qochib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida mavjud video kuzatuv xotiralarida saqlangan tasvirlar “DVD” diskga yozilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

“Jomboy don mahsulotlari” AJ direktori Q.Sh. janjalni ajratishda ishtirok etib, “yengil” tan jarohati olgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida J.O‘. va S.A.larning tanasida “yengil” tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.

Dastlabki tergov jarayonida A.B. jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.