Joriy yil qariyb 7,5 mingta uyali aloqa vositalarini noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi

So‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi.

Gap shundaki, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.

Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra, qo‘shni davlatlarga o‘tib, u yerda mamlakatimizga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Birgina, fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollaridan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Mobil qurilmalar importi 2019 yilning 1 yanvar – 15 sentyabr davrida 58 810 tani (4,6 million dollar) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 451 039 ta (29,8 million dollar)ga yetdi.

Davlat byudjetiga 2019 yilning ushbu davrida 8,7 milliard so‘m, joriy yilda esa 72,6 milliard so‘m undirildi (o‘tgan yilga nisbatan 63,9 milliard so‘mga ko‘p).

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tizim to‘liq amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar 911 882 ta (47,3 million dollar) mobil qurilmalar import qilingan bo‘lib, davlat byudjetiga 100,1 milliard so‘m undirilgan.

Joriy yilda jami 4,9 milliard (2019 yil 6,2 milliard) so‘mlik 7 484 ta (2019 yil 7691 ta) uyali aloqa vositalarini noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlandi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.