Juma – tadbirkorlar kuni: 30 murojaatning 25 tasi qabulgacha hal etildi
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
- Bu galgi uchrashuvda qatnashish uchun hafta boshida shahar va tumanlardan 30 dan ortiq murojaat bo‘ldi, - deydi Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshli²i Sherali Yo‘ldoshev. – Murojaatlarning aksariyati tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha yer ajratish, kredit olish, arxitektura hujjatlarini tayyorlash, davlat sherikchiligi asosida maktabgacha ta’lim muassassalari qurish va boshqa masalalarda edi. Bu masalalar uchrashuvga qadar mutasaddilarga yetkazilib, 25 tasi muammolar hal etildi. Bugungi uchrashuvda muammosi joylarda hal etilmagan 5 nafar tadbirkor viloyat hokimiga murojaat qildi.
Jumladan, Oqdaryo tumanidan U.Haydarov tibbiy dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish «Oqdaryo farm erkin iqtisodiy zonasi dereksiyasi»ni tashkil etish bo‘yicha murojaat qildi. Uning murojaati alohida o‘rganiladigan bo‘ldi. Samarqand shahrida yashovchi A.Rahmatov xususiy maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etganini bildirdi. Mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini kengaytirish maqsadida Samarqand shahridagi bo‘sh turgan kasb-hunar kolleji yoki akademik litsey binosini 5 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatida ajratilishida amaliy yordam so‘radi. Uning masalasini hal etish uchun mutasaddilarga topshiriq berildi.
– Jamiyatimizda naslli parranda tayyorlashni rivojlantirish uchun 2,5 million dollarlik yangi loyihani ishga tushirmoqchimiz, - deydi Toyloq tumanidagi «Zarafshon naslli parranda invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Rustam Razzoqov. – Ushbu loyihamizga xorijiy hamkorlarimiz 1,5 million dollar miqdorida sarmoya kiritib, kerakli uskunalarni ham keltirishdi. Biroq yangi majmua qurilishi uchun joy bo‘lmaganligi tufayli Samarqand tumani hududidan 4 gektar yer so‘rab murojaat qildim. Murojaatim uch kunda ijobiy hal etilib, tegishli qarorlar chiqariladigan bo‘ldi.
B.MUSTANOV.