Jurnalistlar Urgutning bugungi iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishdi
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan jurnalistlar uchun bu galgi press-tur Urgut tumanida tashkil etildi.
Tadbir tumanning tog‘ etaklarida joylashgan xushmanzara tabiati, musaffo havosi, tadbirkor va saxovatli aholisi bilan ajralib turadigan G‘avsul A’zam qadamjosini ziyorat qilishdan boshlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga ziyoratgoh va uning atrofida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xususida ma’lumotlar berildi.
Tumanning Sariqtepa hududida tashkil etilgan Urgut erkin iqtisodiy zonasiga uyushtirilgan sayohatda jurnalistlar yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Xususan, ularga elektr pech va gaz plitalari ishlab chiqarilayotgan ’’Samelektroservis’’ MChJ faoliyati haqida ma’lumot berildi. Korxonada bir kunda 500 dona pech va 250 dona gaz plitalari tayyorlanmoqda. Ahamiyatlisi, bu yerda 165 nafar urgutlik yoshlar ish bilan band.
Hududdagi yana bir yirik korxona “YEC” gilam to‘qish fabrikasi ham tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. 20 million dollar mablag‘ evaziga tashkil etigan mazkur korxonada Yevropadan keltirilgan uskunalar yordamida mahsulot tayyorlanmoqda. Korxona dunyoning 10 ga yaqin mamlakatiga mahsulot eksport qiladi. Maskanda hozirda 50 nafar ishchi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yil oxirigacha ularning sonini 200 nafardan oshirish ko‘zda tutilgan.
- Uskunalarni o‘rnatish ishlarini davom ettiryapmiz, - deydi belgiyalik mutaxassis Just Vanden Brouke. - Yangi rusumdagi gilam to‘qish uskunalarini bir hafta ichida to‘liq ishga tushiramiz. Bu uskunalarda kam sonli ishchi bilan ko‘p ishlarni bajarish mumkin. O‘zbekistonda tadbirkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Faqat ulardan samarali foydalanish kerak, xolos.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari yaqinda erkin iqtisodiy zonada tashkil etilgan, 5 turdagi tish cho‘tkalari ishlab chiqarayotgan korxona faoliyatini ham kuzatdi.
To‘lqin SIDDIQOV.