«Jurnalistligingni tashlama, bolam!»
Yoshligimda kunora uyimizga puchtachi Mamat buva kelib, turli gazeta va jurnallarni tashlab ketardi. Otam “Sovet O‘zbekistoni”, “Lenin yo‘li”, “Sovetobod tongi”ni o‘qisa, enam bo‘sh qoldi deguncha “Saodat” jurnalini qo‘lidan qo‘ymasdi. Biz, bolalarga “Gulxan”, “Yosh kuch” nashrlari tutilardi.
Kimdir yaxshi bir maqolaga ko‘zi tushsa, darrov targ‘ibotga o‘tar va muhokamaga kirishardi. Bahslarning ko‘lami qo‘ni-qo‘shnilar, ba’zida butun qishlog‘imiz bo‘ylab taralardi. Biron-bir qishloqdoshimizning qaysidir nashrda she’ri yoki bir jumla bo‘lsa-da, maqolasi e’lon qilinsami, uh-hu undan mashhur odam yo‘q edi («Tangalik bolalar» filmini eslang)…
Enamning «Saodat» jurnali sahifalarida chop etilgan maqolalarni yig‘lab mutolaa qilayotganiga ko‘p guvoh bo‘lganman (Menimcha, «Saodat»da kishini yig‘latar darajadagi ta’sirli, qishloq ayollarining og‘ir turmush sharoitlari, taqdiri mahorat bilan yoritilgan maqolalar bosilgan-da o‘sha davrlarda). Har safar jurnaldan boshini ko‘tarib, ko‘z-yoshlarini artgan enam «Senlar ham jurnalist bo‘lsanglar, odamlarning hayoti, turmush tashvishlari, kechinmalari-yu quvonchlari haqida yozsanglar qaniydi?!», derdi.
Avvaliga shunchalik «g‘am-qayg‘u»ga soladigan bu kasbga enamning bunchalik mehr qo‘ygani, bizni «gazetchi, jurnalchi» bo‘lishga undayotgani ma’nisiga tushunmasdim…
Enamning gaplariga farishtalar omin degan ekan shekilli, yillar o‘tib olti farzanddan menga jurnalist bo‘lish nasib etdi. Jurnalistlarni tayyorlaydigan oliygohga o‘qishga kirganim barcha yaqinlarimdan ko‘ra, volidamni qanchalik quvontirganini ta’riflashga sohadagi 20 yillik tajribam haligacha ojizlik qiladi.
Ortda qolgan yillar mobaynida sohaning «qattiq noni» tishimni to‘kdi, so‘zimiz, faoliyatimizga to‘sqinlik mashaqqatlari sochimga «qirov» tushirdi…
Shunda enam:
- Chida bolam, chida. Yelkangga shamol tegar davrlar kelar.
Ijarama-ijara yurib sarsongarchiliklardan, moddiy yetishmovchiliklardan tushkun bo‘lgan paytlarim yana o‘sha matonat timsoli daldaga keldi:
- Uying, mashinang yo‘qdir. Ammo baxtli oilang bor, qorning to‘q, usting but. Bugun bo‘lmasa, ertaga albatta xalq, jamiyat, davlat hisoblashadigan kasbing bor.
Ayrim boyvachchaga aylangan do‘stlar shu «suprasi quruq» kasb sabab munosabatlarimizga chek qo‘ydi. Qaysidir rahbar yoki puldor o‘zicha bu «gazetchi», «yozuvchi» deb past nazar qildi. Kecha to‘p-to‘p, bir oila bo‘lib mutolaa qiladigan qishloqdoshlarimning uyiga bugun gazeta-jurnal bormay qo‘ydi. Ko‘pchilik kitob ham o‘qimaydi.
Lekin qartayib, ko‘zlari harflarni ilg‘amay qolgan bo‘lishiga qaramasdan, nabarasi, kelinlari ko‘magida matbuot nashrlarini «varaqlashni» kanda qilmaydi.
…Bugun bir kiyimlik mato yoki biron yegulik ko‘tarib borib xabar ololmasam-da, birinchi bo‘lib meni ENAM kasb bayramimiz bilan tabrikladi:
- Bayraming muborak bo‘lsin! Fidoyi jamoangni, hamkasblaringni tabriklab qo‘y. Jurnalistligingni tashlama, bolam!
Bo‘g‘zimga tiqilgan so‘z shu bo‘ldi - «Ha, enam-a, enam..!».
***
Barchangizga ONA qutlovi nasib etsin!