Kadastri yo‘q xonadonlar muammosi hal etiladi(mi)?
Yoxud millionlab odamlarning og‘irini yengil qilishi mumkin bo‘lgan yangi qonun loyihasida nimalar aks etishi kerak?
Yaqinda Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda shu haqda gap bordi. 2 million 600 mingta aholi xonadonining kadastr hujjati yo‘qligi va kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanayotgani aytib o‘tildi. Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi topshirildi.
Faoliyatimizda yaqin yillarda aynan shu masalada fuqarolardan qator shikoyatlar tushgani va muammo o‘rganilgani uchun yangi qonunning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Xo‘sh, yangi qonun nima uchun kerak? Bunga qanday ehtiyoj bor? Muammo nimadan iborat edi? Avvalo, ko‘plab fuqarolarni qiynab kelayotgan muammo va uning kelib chiqishi haqida to‘xtalsak.
Gap shundaki, yer-mulk bilan bog‘liq har qanday nizo va muammoli holatda birinchi navbatda egalik huquqi rasmiylashtirilgani (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani) so‘raladi. Biroq istagan hududdagi aholining anchagina qismida o‘zi yashayotgan uyda egalik huquqi yo‘q. Qator holatlarda esa, oddiy, qishloqda yashovchi fuqaro uchun uy-joyini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, egalik huquqi rasmiylashtirish deyarli imkonsiz ahvolga kelib qolgan edi. Qanday qilib deysizmi?
Aytaylik, ma’lum fuqaroga uy-joy uchun 1995 yilda tuman hokimining qarori bilan yer ajratilgan. 10 yil ichida u uyini qurib bitkazgan va yashab kelmoqda. Ko‘plab xonadonlar kabi unda ham egalik huquqi yo‘q. Endi esa egalik huquqi mavjud bo‘lmagan fuqarolar amaldagi Soliq kodeksining 437-moddasiga ko‘ra, uch baravar ko‘p miqdorda yer solig‘i to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Uch baravar soliqni to‘lashning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiiyki, ko‘plab fuqarolar o‘z uyiga egalik huquqi va kadastr rasmiylashtirishga harakat qilib ko‘rishdi. Ammo asosiy muammolar ana shundan keyin boshlandi.
Fuqaro o‘zi yashab kelgan uy-joyga egalik huquqini olishida mantiqqa zid bo‘lgan bir qator to‘siqlarga duch kelayotgandi. Birinchi to‘siq shuki, fuqaro yashayotgan uyiga egalik huquqini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilarkan, undan uy-joy loyiha hujjatlari talab qilinadi.
Tasavvur qilyapsizmi? Qurib bo‘lingan uy-joy uchun!
Yana bir aniqlab olamiz: Loyiha bu — bino qurilishidan oldin qilinadigan eng dastlabki hujjatlardan biri. DXM qanday qilib 30 yil oldin qurilgan, shuncha yildan beri fuqaro yashab kelayotgan uyning loyihasini so‘rayapti? Chunki qoida shunaqa.
Egalik huquqini tiklash Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarori asosida amalga oshiriladi. Qarorda esa egalik huquqini tiklash uchun loyiha ham taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan. Allaqachon qurib bitkazilgan uyni ro‘yxatga olishga qurilish loyihasining talab etilishi mantiqqa zid bo‘lib kelmoqda.
Ana shu tarzda fuqaro o‘z uyini hujjatlashtirishda dastlabki qadamni ham qo‘ya olmaydi. Qoidalarki shunday bo‘lgach, fuqaro qanday tutishi kerak? Darvoqe, fuqaroning muammosini his qilib, unga yordam bermoqchi bo‘lgan soha vakili esa bu holatda o‘z-o‘zidan qoidabuzarga aylanib qoladi. Kim aybdor? Fuqaro ham, kadastr idorasi ham! (O‘zi istamagan holda).
Qonun-qoidalar mana shu alfozda bo‘lgani holda egalik huquqi bo‘lmagan uylar uchun uch baravar miqdorda soliq solinishi birin-ketin odamlarning noroziligiga sabab bo‘lishi va bu oxir-oqibat Prezident darajasiga chiqishi ham tayin edi.
Shu vaqtgacha mutasaddilar mazkur holatga tushib qolgan fuqarolarga masalaga yechim topish uchun sudga murojaat qilishni maslahat berardi. Ammo aholining 40 foizi bu muammoga duch kelib turganda, sud yechim emas. Umuman, nizoli holatlarda sudga murojaat etishni tushunish mumkin. Ammo bu yerda gap qoidalar va tizimning islohotga muhtojligi haqida bormoqda.
Ana shu nuqtai nazardan yuqoridagi, Prezident aytgan yangi qonun loyihasi ayni vaqtda eng dolzarb hujjatlardan biri. Endigi masala davlat rahbaridan topshiriqni olgan vazirlik, qo‘mita va agentliklarning (yangi qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga qo‘yish topshirig‘i Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligiga berildi) topshiriqni qachon va qay darajada bajarishlarida!
Chunki ayni shu masalaning dastlabki yechimi bo‘yicha topshiriqlar 2020 yil 15 oktyabrda davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda alohida tilga olingandi. Mazkur yig‘ilishda davlat rahbari mutasaddilarga “2021 yilning 1 martiga qadar egalik huquqi rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulk ob’yektlari muammolarini hal etish choralarini ko‘rsin”, deb aniq vazifa qo‘ygandi. Afsuski, bu muddatda muammo hal bo‘lmadi.
Ikkinchi tomondan, mazkur yig‘ilish bayonida aytilgan muammoni bartaraf etish uchun tegishli qonunchilikka ham o‘zgartirishlar kiritish kerak edi. Yangi qonunning nechog‘lik muhimligi borasidagi ikkinchi jihat mana shunda. Chunki egalik huquqi berish tartibini mahalliy hokimliklar yoki tegishli idoralar mustaqil emas, aynan hukumat darajasida, aniq tizim asosida amalga oshirishi talab etilardi.
Sodda qilib aytganda, egalik huquqini tiklash uchun uy egasidan birgina loyiha so‘ralishi shuncha muammoni keltirib chiqarmoqda. Xolbuki, loyiha endi quriladigan uylar uchun kerak.
Vazirlar Mahkamasining biz nazarda tutgan 370-sonli qarori 2018 yilda qabul qilingan va egalik huquqi olish uchun loyiha so‘rash amaliyoti o‘tgan yildan boshlandi. Endi ana shu qaror asosida undan oldin qurilgan uylarga ham loyiha so‘ralmoqda va fuqarolar imkonsiz hujjat uchun 3 baravar soliqqa tortilmoqda.
Yechim esa aslida ancha oddiy — uy-joyga egalik huquqini tiklashda bu amaliyot isloh qilinishi kerak. Umid qilamizki, yuqoridagi sanab o‘tilgan tashkilotlardan iborat ishchi guruh Prezident nazarda tutgan yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda muammoning ana shu jihatiga albatta, e’tibor qaratishadi.
Modomiki, sohadagi bu muammo endi isloh qilinar ekan, takliflar tayyorlanar ekan, yana bir masalaga e’tibor qaratilishini istardik. Uy-joylarga egalik huquqini olishdagi muammo faqatgina yuqoridagi jihat bilan tugamaydi. Aksariyat odamlar ota-bobosidan qolgan kattaroq hajmdagi, deylik, 20 sotix maydondagi uy-joyda yashab keladi. Ularning ham aksariyatida egalik huquqi yo‘q. Ana endi, egalik huquqi bo‘lmagan yerlar uchun soliq stavkasi uch baravar bo‘lgach, ular ham bu hujjatni rasmiylashtirishlari kerak.
Bunday vaziyatda, qoidaga ko‘ra, yer ajratish qarorini topib kelish kerak. To‘g‘ri, sobiq SSSR davridagi kolxoz qarorlari ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos hisoblanadi. Muammo va fuqarolar uchun mushkullik shundaki, o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga oid bu kabi hujjatlarni topish deyarli imkonsiz ish.
Bu toifadagi fuqarolar ham o‘z uy-joylarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Demak, bu bo‘yicha ham yangi qonunda bandlar bo‘lishi kerak.
Anvar MUSTAFOQULOV.