Kambag‘allikdan chiqish uchun jo‘ja tarqatilishi shartmi?
Zarnews.uz saytidagi “O‘lmas ovqat”: 50 ta tovuq boqib, kambag‘allikdan chiqish mumkinmi?” sarlavhali maqolani o‘qigach, hayotimdagi ayrim voqealar yodimga tushdi.
Oilada 9 farzandmiz. Eng kichkina ukam tug‘ilganida (1995 yilda) otamning ishlari yurishmay, boshlagan tadbirkorligi kasodga uchradi. Asabbuzarliklar bilan ishsiz qolgan otamning salomatligiga ham putur yetdi. To‘qqizta yeyman-chaman, deb turgan bolalarni och qoldirmaslik, birovdan kam qilmaslik uchun enam yelib-yugurdi.
U paytlarda parrandachilik bilan shug‘ullanish, chorvachilikni yo‘lga qo‘yish, degan gap odamlarning xayoliga kelmasdi. Balki yosh bo‘lganim uchun bu narsalarni tushunmagandirman.
Esimda, kun bo‘yi dala va uy ishlari, kamiga to‘qqiz bolaning tashvishlaridan charchasa-da, enam yarim kechasigacha tikish qilardi. Chopon, ayollar xalati, belbog‘ singari narsalar tikib, hali tun qorong‘isi arimasdan og‘ir sumkalarni ko‘tarib, bozorga ham borib kelardi. Bir gal “ena, menam bozorga boray”, deb holi-joniga qo‘ymaganim uchun meni ham olib bordi. Aslida bozorga muzqaymoq hamda biror tansiq taom yeyish uchun borganman. Enam hali u xaridor oldiga borib, hali bu xaridor oldiga borib choponlardan olishini so‘rardi. Aksiga olib, choponlar bilan hech kimning ishi yo‘q. Charchaganimdan, “ena, ketaylik, muzqaymoq ham, somsa ham yemayman”, dedim yig‘laguday bo‘lib...
Bir gal katta akam o‘qishga hujjat topshirish uchun shaharga borishim kerak deb qoldi. Farzandini qo‘liga pul tutqazolmagani uchun ezilgan otam choy ham ichmay ketmonini ko‘tarib, dalaga yo‘l oldi. Enam bir chelak “chesnok” va bir sumkaga bodringni akamning qo‘liga tutqazib, bozorda sotib yo‘l puli qilishini aytdi...
Mehmonga borgan paytlarimizda enamga bobom va buvim “Qizim, kuyovim ishlamayapti biror narsadan qiynalsang, tortinmay aytaver”, derdi. Enam biror marta nolimagan, “falon narsam yetishmayapti, yo‘q”, demagan.
Aytmoqchi bo‘lganim, o‘sha paytda bizga hech kim 50 tamas, 5 dona ham jo‘ja bermagan. Otam-onam o‘zlari harakat qilib, nafaqat kambag‘allikdan chiqdi, shu bilan birga bolalarining 6 nafarini o‘qitib, 3 nafariga turli kasb sirlarini egallashlari uchun sharoit yaratib berdi.
Bugungi kunda kimgadir kredit evaziga yer berilayapti, kimgadir tikuv mashinasi olib berilyapti, yana birovlarga 50 donadan broyler jo‘jalari tarqatilmoqda. Albatta, bu kambag‘allar turmushini farovon qilish, jilla qursa, turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, bu holat odamlar orasida boqimandalik kayfiyatini uyg‘otmayaptimi?
O‘tgan gal qishloqqa borganimda qo‘shnimiz “Karantin ham tugamadi, ishlay desam, qo‘limda diplomim yo‘q. Nima qilishni bilmayman”, deb qoldi. Yer olib dehqonchilik qiling, loviya, kechki kartoshka, sabzi eking foydasi yaxshi, deb maslahat berdi turmush o‘rtog‘im. Hali yer olib ekin qilmasdan, xulosasi tayyor. “Ey, qo‘y o‘zini o‘zi qoplamaydi”, deb qo‘l siltadi. “Bizni qishloqlargayam jo‘ja tarqatishmasmikan?”.
Albatta, hammada shunday fikr deyishdan yiroqman. Kecha xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Ulug‘bek Nodirov saylov okrugi hududida yashovchi birinchi guruh nogironi poyabzal ta’mirlash ustaxonasi ochmoqchi ekanligini, unga mahalladoshlari hashar yo‘li bilan ustaxona qurishayotganini aytdi.
“Nogironman, davlat menga pul bersin, boqsin, deb qarab turmay, oilasi farovonligi uchun harakat qilayotganlar ham yo‘q emas”, deydi U.Nodirov.
Lola SAIDOVA.