Kamchiliklar bartaraf etilmoqda: yollanma ishchilar faoliyati rasmiylashtirilmoqda, norasmiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda

2019 yil 8 iyunda zarnews.uz saytida "Tadbirkorga imkoniyat noqonuniy faoliyat yuritish uchun berilmagan yoxud soliqchilar vaziyatga nega beparvo qarayapti?" sarlavhali maqola chop etildi.

Unda qayd etilgan holatlar Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Maqolada ko‘rsatilgan holatlar, afsuski, nafaqat Kattaqo‘rg‘on tumanida, balki boshqa hududlarda ham uchrab turibdi. Ba’zi xodimlarning mas’uliyatsizligi sababli yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilib, ularga qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilmoqda.

2019 yilda soliq siyosati va soliq ma’murchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida viloyat, tuman hokimligi va tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda soliq solish ob’yektlarini aniqlash va soliq bazasini kengaytirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, ushbu davrda faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan 178 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tiklandi. Faoliyat turiga mos kelmaydigan guvohnoma olib, haqiqatda boshqa faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 162 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati haqiqatdagi faoliyat turiga moslashtirildi. 98 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 109 nafar yollanma xodimlari rasmiylashtirildi va norasmiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan 529 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning 1 yanvar holatiga yakka tartibdagi tadbirkorlar 1 186 nafar bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1 iyun holatiga 1 715 nafarni tashkil etmoqda. Yuridik shaxs maqomiga (fermer xo‘jaliklaridan tashqari) ega sub’yektlar soni 1213 ta bo‘lsa, joriy yilning 1 iyun holatiga 1401 tani tashkil etishi ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni baholab beradi.

Shuningdek, tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning 1 iyun holatiga 581 korxonada 3405 nafar norasmiy yollanib ishlayotgan fuqaro faoliyati qonuniylashtirilib, ularga har oyda daromad solig‘iga 240 million so‘m soliq hisoblanib, davlat byudjetiga tushishi ta’minlanmoqda. 

Maqolada qayd  etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga batafsil ma’lumot beriladi.

Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.