Kanada havo hududida noma’lum apparat urib tushirildi. Shunga o‘xshash voqea bir kun oldin AQShda sodir bo‘ldi
11 fevral oqshomida Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaa birlashgan qo‘mondonligi Kanada havo hududida noma’lum samolyotni urib tushirdi, deya ma’lum qilgan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo.
Kanada mudofaa vaziri Anita Anandning aytishicha, ob’yekt taxminan 12 kilometr balandlikda uchayotganda, mamlakat shimoli-g‘arbida, AQSh-Kanada chegarasidan taxminan 160 kilometr uzoqlikda urib tushirilgan. Mamlakat qurolli kuchlari va qirollik otliq politsiyasi o‘rganish uchun apparat qoldiqlarini yig‘ish operatsiyasini boshladi.
Bu so‘nggi bir hafta ichida AQSh va Kanada harbiylari tomonidan urib tushirilgan uchinchi ob’yektdir: 4 fevral kuni AQSh Xitoy razvedka sharini urib tushirgan edi, 10 fevralda esa yana bir noma’lum uchuv apparati Alyaskada ta’qib qilindi.
Fevral oyi boshida AQSh rasmiylari amerikalik harbiylar bir necha kun davomida mamlakat havo hududida uchayotgan Xitoy havo sharini kuzatgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu tadqiqot shari bo‘lib, yo‘nalishdan chiqib ketgan va tasodifan AQShga tushib qolganini aytdi.
4 fevral kuni AQSh harbiylari Atlantika okeani uzra havo sharini urib tushirdi. Keyinroq AQSh Davlat departamenti urib tushirilgan havo apparati elektron razvedka uskunalari bilan jihozlangani va XXR razvedka dasturining bir qismi ekanligini aytdi.