“Kaptiva” va velosiped ishtirokidagi YTH oqibatida yo‘lovchi vafot etdi

Joriy yilning 22 aprel kuni soat 21:45 larda, Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, Mirzo Ulug‘bek MFY hududidan o‘tuvchi 4P-108A avtomobil yo‘lining 3 kilometrida haydovchi, 1986 yilda tug‘ilgan A.Sh. “Kaptiva” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, yo‘l chetidan shu yo‘nalishda ketayotgan velosiped xaydovchisini turtib yuborgan.

So‘ngra boshqaruvni yo‘qotgan holda yo‘lning o‘ng tarafidagi xonadonning devoriga avtomashinaning oldi qismi bilan urilib, YTH sodir etgan.

Oqibatda “Kaptiva” rusumli transport vositasi yo‘lovchisi, 1989 yilda tug‘ilgan U.T. og‘ir tan jarohati olishi tufayli tuman shifoxonasida vafot etgan.

Ushbu transport vositasi haydovchisi A.Sh. va velosiped boshqaruvchisi - 2002 yilda tug‘ilgan I.J.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.