Karantin davrida 14 nafar ayol oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgani aniqlandi

Joriy yil 20 aprel holatiga ko‘ra oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 14 nafar ayol farzandlari bilan Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlaridagi Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, ularga kerakli huquqiy, psixologik, tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarning muammolarini hal qilish bo‘yicha hududlardagi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari va bo‘limlari, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, prokuratura organlari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan izchil hamkorlikda ish olib borilmoqda. Muammolarning hal qilinishi borasida olib boriladigan ishlar esa O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining doimiy nazoratida bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, respublikamizdagi barcha markazlar bugungi koronavirus pandemiyasi sharoitida karantin talablaridan kelib chiqqan holda “o‘zini o‘zi yakkalash” tartib-qoidalariga amal qilgan holda faoliyat olib bormoqda.