Karantin davrida bog‘cha yoshidagi va boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan farzandlari bor ota-onalarga mehnat ta’tili qay tartibda beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 28 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta’lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta’tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ish haqi saqlangan holda mehnat ta’tili karantin davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, ya’ni 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchining ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy)siga beriladi.

Ushbu Nizomga muvofiq karantin davrida mehnat ta’tili xodimning xohishiga ko‘ra, tashkilot tomonidan tasdiqlangan ta’tillar jadvalidan qat’i nazar beriladi. Bunda, xodimga birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin ta’til berishga oid talab tatbiq qilinmaydi.

Agar xodim karantin davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilishidan oldin mehnat ta’tilini olgan bo‘lsa yoki karantin davrida mehnat ta’tilini olishni xohlamasa, ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra, xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi yoki xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, ushbu qoida faqatgina farzandlari maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnaydigan yoki boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan farzandlari bor ota-onalarga nisabatan tatbiq etiladi.

Aksariyat aholi ushbu qoida barcha xodimlar uchun mo‘ljallangan, deb tushungani uchun turli fikr-e’tirozlar kelib chiqmoqda.

Orif MUHAMMADIYeV,

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi.