Karantin qoidalariga amal qilmasdan, IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan 3 shaxs qamoqqa olindi
Hozirgi kunda o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish yurtimizning har bir fuqarosining burchi. Bunda fuqarolar nafaqat o‘z sog‘lig‘ini asraydi, balki hozirgi vaqtda keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasini jilovlashga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Afsuski, ba’zi bir shaxslar karantin qoidalarini qasddan mensimasdan, yurtimizdagi vaziyatga noto‘g‘ri baho bergan holda jamoat tartibini buzib, IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligini qanday izohlash mumkin?
2020 yil 15 aprel kuni soat 12:00 larda huquqbuzarlar M.U., K.V. va X.J. Samarqand shahar, Beruniy ko‘chasidagi chiqindixona yonida, karantin va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida, vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida himoya niqobisiz, maqsadsiz yurgan vaqtida xizmat faoliyatini olib borayotgan ichki ishlar organi xodimlari tomonidan ularga niqob taqib yurishi tushuntirilgan. Ular esa IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, shu yerda bo‘lgan fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini buzgan.
Samarqand shahar ma’muriy sudining 2020 yil 15 apreldagi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlar M.U., K.V., X.J.lar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unlarga nisbatan uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Orif PARDAYeV,
Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi.