Karantin qoidalarini buzgan 7 nafar fuqaro 15 sutkaga qamaldi. Ular orasida 30 yoshli samarqandlik ayol ham bor
Bugun, 3 aprel kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani ma’muriy sudida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan Sh.Ummatov (1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), K.Aripov (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), I.Kamilov (1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), D.Mavlyanova (1986 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan), Sh.Toshmamatova (1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan), F.Nizamova (1988 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan), P.Rustamova (1990 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan)larga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqildi.
Ish materiallariga ko‘ra, 2020 yil 1 aprel kuni soat 20:00 lar atrofida Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Energetiklar” sihatgohida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridan mamlakatimizga qaytgan va karantinda bo‘lgan yuqorida qayd etilgan fuqarolar, belgilangan karantin qoidalariga amal qilmasdan, har xil uyatli so‘zlar bilan ushbu sihatgohda saqlanayotgan boshqa fuqarolar va karantin tartibini nazorat qiluvchi xodimlar oldida baqir-chaqir qilib, ularning tinchligini buzishgan vaqtida, tinchlikni ta’minlash uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida ularni ham uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, mayda bezorilik qilishgan.
Sud ularning ayblari ishda to‘plangan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan, degan xulosaga kelib, 2020 yil 3 apreldagi qarori bilan Sh.Ummatov, K.Aripov, I.Kamilov, D.Mavlyanova, Sh.Toshmamatova, F.Nizamova va P.Rustamovaning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda yurtimizda aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida karantin tartibi joriy etilgan bo‘lib, fuqarolarimizni koronavirus infeksiyasidan himoya qilish va ushbu infeksiyaga chalinganlarni davolash borasida izchillik bilan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilayotgan bir vaziyatda, yuqorida qayd qilingani kabi huquqbuzarliklarga murosasiz bo‘lish talab etilishi va bu masalada qonun ustuvorligi to‘liq ta’minlab borilishi ta’kidlanadi.
Zero, karantin tartibiga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning burchidir.