Kartoshka, quyon, jo‘ja… kambag‘allikdan chiqishga yordam beradimi?

Kambag‘allik. Xo‘sh, unga qanday barham berish mumkin? Qashshoqlikka qarshi samarali kurashish uchun nima qilish, qanday tadbir qo‘llash kerak? Uni qisqartirish yo‘llari bormi? Bo‘lsa, qaysi yo‘l, samarasi qanday?

Ayni paytda mamlakatimizning har bir hududida shu savollarga amaliy javob topish, kambag‘allikka barham berish maqsadida tadbirlar qo‘llanilyapti, ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanyapti. Xo‘sh, bu borada Bulung‘ur tumanida qanday ishlar amalga oshirilyapti? Qo‘llanayotgan tadbirlar nechog‘li samara beryapti? Biz tumanda bo‘lib, shu savollarga javob izladik.

Daromad manbasiga ega oilada kambag‘allik barham topadi

- Tumanimizda 187 ming aholi yashaydi: 41 ming oila bor, shundan 2 ming 106 tasi kambag‘al oila sifatida ro‘yxatda turibdi, - deydi tuman hokimi Bahodir Bahromov. – Ularga imkon qadar yordam berib kelganmiz. Ammo xalqimiz “Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi”, deb bejiz aytmaydi. Qolaversa, Sharqda bir dono gap bor: «Kambag‘allikka yalqovlik qo‘shilsa, buning davosi yo‘q”. Shuning uchun bugungi talab - kambag‘allarda iqtisodiy faollikni uyg‘otish, ularga ishlab pul topib, to‘q yashashi uchun sharoit va imkoniyat yaratish. Biz shunday qilyapmiz. Chunki daromad manbasiga ega, ya’ni kichik bo‘lsa ham tadbirkorlik qilgan oila kambag‘al bo‘lmaydi.

Bunga erishish uchun shu yil fevral oyida tumanni qishloqlar kesimida 7 ta hududga bo‘lib, o‘zim, qolgan sektor rahbarlari va a’zolari o‘zlariga birkitilgan qishloqlarda yashovchi fuqarolarning yashash sharoitlari, xohish-istaklari, muammo va takliflarini o‘rgandik. Natijada qishloqning azaldan nima bilan shug‘ullanganligi, ko‘nikmalaridan kelib chiqib, tadbir belgilab oldik. Ya’ni, har bir hudud kompleks tahlil qilinib, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida qishloqlarning ixtisoslashuvi belgilandi. Masalan, sobiq Navoiy qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 8 ta mahallada 31 ming 500 nafar aholining 14 ming 800 nafari mehnatga layoqatli. Ularning aksariyati ko‘p yildan buyon kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shu bois bu mahalladagi xonadonlarga arzon narxlarda kartoshka urug‘i yetkazib berdik, ilmiy yondashuv orqali mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish choralarini ko‘rdik.

Tongotar, Qiyot, Sho‘ra, Olmazor kabi qishloqlardagi 425 xonadonning 28 gektar tomorqa yeriga pomidor ekildi. Dastlabki tahlillar bo‘yicha bitta xonadon 15 sotix tomorqadan 11-12 million so‘m atrofida daromad olishi kutilmoqda. Shuningdek, oktyabr oyida pomidordan bo‘shagan bu maydonlarda sarimsoqpiyoz, ko‘katlar va boshqa ekinlar ekish orqali har bir xonadon bozorga 7-8 million so‘mlik mahsulot chiqaradi.

Yoki Nurli yo‘l mahallasini olaylik. Bu yerda yashovchi aholiga kooperativ asosida broyler jo‘ja yetkazib berildi. Bunda ta’minotchi - “Shavkatbek barokat sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 130 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 230 xonadonga 50 boshdan 11 ming 500 dona broyler jo‘ja va yem tarqatildi. 40-45 kunda tayyor bo‘ladigan go‘shtni korxonaning o‘zi sotib olishi orqali bitta xonadon 900 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha daromad olish imkoniyati yaratildi. Ko‘rilayotgan mazkur choralar natijasida birgina shu mahalladagi 50 ta kambag‘al oiladan 46 tasi yil yakuniga qadar kambag‘allikdan chiqariladi.

Umuman, tumanimizda kambag‘allikni kamaytirish maqsadida uchta - “Yosh TAD tomorqa”, “Mingtepa fayzli yeri” hamda “Yuqori Qo‘shtamg‘ali tomorqa” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi. Ularga 52 gektar maydon ajratilib, ushbu yer maydonlari 167 nafar ishsiz va kambag‘al oilalarga 20 sotixdan bo‘lib berildi. Kooperativ a’zolariga esa tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 2 million 230 ming so‘mdan, jami 372 million so‘m subsidiya ajratilmoqda. Shuningdek, mahallalar kesimida aniqlangan kambag‘al oilalarga broyler jo‘ja, qo‘y va quyonlar tarqatildi, 1 sotixli issiqxona qurib berildi.

Keling, quyon boqamiz!

Tuman hokimi bilan suhbatlashgach, bunday imkoniyatlarga ega bo‘lgan oilalarning ishni qanday tashkil etgani bilan qiziqib, ayrim qishloqlarda bo‘ldik. Birinchi manzilimiz Mingtepa mahallasidagi O‘rtabuloq qishlog‘i bo‘ldi. - Bitta xonadonda ikki oila, 16 kishi yashaymiz, - deydi Dilmurod Karimov. – Otam korxonada ishlaydi. O‘zim mavsumiy ishchiman, kichik maydondagi tomorqamizni aytmasak, ro‘zg‘orga boshqa daromad kelmaydi hisob. Bir oy avval 3-sektor rahbari Bunyod Jo‘raqulov qishloqdoshlarimizni yig‘ib, quyon yetishtirish, uni parvarishlash jarayoni, foydasi haqida gapirdi. Kimda xohish bo‘lsa, kredit asosida quyon olishi mumkinligini aytdi. Oilam, farzandlarim bilan maslahatlashgach, hujjatlarni to‘g‘rilab, «Mikrokreditbank» tuman bo‘limidan 15 million so‘m kredit rasmiylashtirdim. Hozircha 25 bosh quyon boqyapman, erta-indin yana 75 bosh olish uchun joy tayyorlayapman. Quyon parvarishi u qadar ko‘p mehnat talab qilmaydigan, xarajati ham katta emas ekan. Muhimi, zavqli. Nasib bo‘lsa, avgustdan mehnatimizning samarasini ko‘ramiz.

Bilishimizcha, «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida ish yuritayotgan Mingtepa mahallasida D.Karimov kabi 11 xonadon 440 bosh quyon boqyapti ekan. «Ularni ko‘rib, kambag‘al oila ro‘yxatida turgan 32 oila ham 15 million so‘mdan 25 million so‘mgacha yillik 16 foizli kredit olib, quyon boqish uchun hujjat to‘g‘rilamoqda. Chunki yetilgan quyonlarni ta’minotchi – «The world of bunnies» korxonasining o‘zi sotib oladi», deydi mahalla raisi Nazokat Jumanova.

20 sotix yerli bo‘ldim

“Yosh TAD tomorqa” ishlab chiqarish kooperativi Oqtosh mahallasi hududida faoliyat yuritadi. Kooperativda 56 nafar ishsiz va kam ta’minlangan oila a’zo bo‘lib, ularga 123 million 200 ming so‘m subsidiya ajratilgan, 3 nafar fuqaroga 800 kilogramm kartoshka urug‘i, 5 ta xonadonga issiqxona qurib berilgan. Ayni kunda kooperativ a’zolari 17,1 gektar maydonda pomidor va piyoz yetishtirmoqda. Shulardan biri Bedana qishlog‘ida yashovchi Dilshod Baymanov.

- Oilada 4 kishimiz, - deydi u. - Farzandlarim yosh. Turmush o‘rtog‘im bilan bizga foydalanish uchun berilgan 20 sotix yerga piyoz ekdik. Yer tayyorlashda kooperativ ko‘mak berdi, urug‘lik va mineral o‘g‘it olish uchun 2 million 230 ming so‘mlik subsidiya oldik. Yer unumdor, sug‘orish uchun suv bor. Bizdan faqat mehnat qilish talab qilinadi xolos. Xomcho‘t qilishimcha, 15 tonna piyoz hosili olamiz. 2 ming so‘mdan sotsak ham 30 million so‘m daromad qilamiz. Nasib bo‘lsa, kambag‘allikdan chiqib, bir bosh sog‘in sigir sotib olaman, ro‘zg‘orim kamini to‘ldiraman.

Darvoqe, kooperativ o‘z a’zolariga ekinlarga agrotexnik ishlov berishdan tortib, mahsulot tayyor bo‘lguncha yordam beradi. Ahamiyatlisi, kam ta’minlangan oila vakili ajratilgan maydonda yetishtirgan hosilini sotishda ham ovora bo‘lmaydi. Kooperativ uni bozor narxida xarid qiladi.

Bitta broyler jo‘jaga 25 ming so‘m xarajat, 32 ming so‘m daromad

Cho‘yantepa mahallasida yashovchi aholi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida broyler jo‘ja yetishtirishni tanlagan. Masalan, birgina Mo‘g‘ol qishlog‘ida 9 oila 2,5 ming bosh jo‘ja boqmoqda.

- Bankdan 12,5 million so‘m kredit olib, 500 ta jo‘ja boqyapmiz, - deydi shu qishloqda yashovchi Ikrom Yarashev. - Asosan mavsumiy ishlarni bajarish orqali daromad topardim. Afsuski, karantin davrida mavsumiy ishlar ham u qadar ko‘p bo‘lmayapti. Oilani boqish, tirikchilik o‘tkazishga ancha qiynalib qolgandim. Tashkilotchilarga rahmat, men kabi ishsiz kishilarga uyda ish bilan band bo‘lish, daromad topish imkonini berishdi. O‘n kun avval “Dostonbek Najmiddin chorvasi” korxonasi tomonidan 500 ta broyler jo‘ja ozuqasi bilan berilgandi. Qirq besh kundan keyin jo‘jalar katta bo‘lgach, ta’minotchining o‘zi sotib oladigan bo‘ldi. Joyim keng, yaxshi parvarish qilyapmiz. Hisob-kitob qilib ko‘rdim: bir yarim oyda bitta broyler jo‘ja boqish uchun o‘rtacha 25 ming so‘m xarajat qilar ekanman. Har bir jo‘ja ikki kilogrammdan go‘sht qilsa, 32 ming so‘m daromad olaman. Bir yarim oyda ro‘zg‘orimga 3,5 million so‘m foyda kirishi tirikchilik o‘tkazishimizga katta yordam bo‘ladi.

Olis qishloqda charm mahsulotlari tayyorlanmoqda

Isori O‘roqli mahallasida bo‘lganimizda “Tadbirkorlik kayfiyati bor joyda kambag‘allik bo‘lmaydi”, degan gapning nechog‘li haqiqat ekaniga amin bo‘ldik. Chunki 2 ming 530 nafar aholi yashaydigan mahallada 630 oila bor. Shularning 29 tasi kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan. Sektor rahbarlari bu oilalar ahvolini o‘rganish jarayonida ulardan biri – Ibrohim Jomonqulovning tadbirkorlik qilishga ishtiyoqi bor, ammo imkoniyati yo‘qligini anglashdi. Unga “Agrobank”ning Bulung‘ur filialidan uch yilga 20 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashib, “Ko‘makdosh charm mahsulot” xususiy korxonasini tashkil etdi. Shu bilan birga mahalla binosining bo‘sh turgan binosini bepul foydalanish uchun ajratib berdi va kambag‘allik ro‘yxatida turgan 12 nafar oila a’zolarini ushbu korxonaga ishga joylashtirdi.

- Bunday imkoniyatlardan tashqari, Prezidentimiz tomonidan kambag‘al oilalarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan yengilliklardan ham foydalanyapman, - deydi I.Jomonqulov. – Shunga ko‘ra, sifatli charm mahsulotlari ishlab chiqarishni bosh maqsad qilib qo‘ydim. Muhimi, bu sohada tajribam bor: ko‘p yillar charmni qayta ishlash korxonalarida faoliyat yuritganman. Ish boshlaganimizga bir oy bo‘lishiga qaramay, biz tayyorlagan futbol to‘pi, sport anjomlari, qayish kabi mahsulotlarga mijozlar ko‘paydi. Hozircha eski uskunalardan foydalanib turibmiz. Shunday bo‘lsa-da oylik quvvatimiz 25-28 million so‘mlik mahsulot tayyorlash. Bosqichma-bosqich faoliyatimizni kengaytirib boramiz. 

***

Bulung‘urda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarning asosi shulardan iborat. Bu ishlar ko‘p o‘tmay o‘z natijasini ko‘rsatadi. Asosiysi, nochor oilalar qaysidir daromad manbasiga ega bo‘ladi. Eplagani nafaqat kambag‘allikdan chiqadi, balki oilasi uchun barqaror sarmoya keltiradigan imkoniyatga ega bo‘ladi, shu orqali doim ro‘zg‘origa baraka kiritadi. Muhimi – shu.

Akram HAYDAROV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).