Kattaqo‘rg‘on shahridagi 20 ta yong‘inda fuqarolar 60 million 221 ming so‘m zarar ko‘rgan

Kattaqo‘rg‘on shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahridagi 37 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, bozorlar va tibbiyot muassasalarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, uning oldini olish, bartaraf qilish to‘g‘risida targ‘ibot ishlari va SEOM xodimlari bilan hamkorlikda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan, Kattaqo‘rg‘on shahri hududida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 20 ta yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inlarning 1 tasi davlat tashkilotida, 17 tasi aholi yashash xonadonlarida, 2 tasi esa avtomashinalarda yuz bergan.

Ushbu yong‘inlar natijasida fuqarolarga 60 million 221 ming so‘m moddiy zarar yetgan. Xususan, 2020 yilning iyun va iyul oylarida avtomashinalarda sodir bo‘lgan yong‘inlar avtomashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganligi sababli dvigatel qismidagi elektr simlaridagi qisqa tutashuv oqibatida sodir bo‘lgan.

Haydar chaman mahallasi Nuroniylar ko‘chasidagi xonadonlardan birida gaz va havo aralashmasining qisqa muddatli chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inda yashash uyining 40 kvadrat metr maydoni va uy jihozlari zarar ko‘rgan.

O.MO‘MINOVA,

Kattaqo‘rg‘on shahar FVB profilaktika inspektori.