Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan 200 million so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan olib borilgan monitoring natijasida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi buyurtmachiligida ayollar daftarida turgan fuqarolarga tikuv mashinalari xarid qilish yuzasidan 2023 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan 200 mln. so‘mlik davlat xaridida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Agentlik xabariga ko‘ra, monitoring natijalari mazkur davlat xaridi bo‘yicha “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etgan 3 ta talabgorlardan 2 tasi bir shaxsga tegishli ekanligi, ya’ni o‘zaro affillanganligi holatlari mavjudligini ko‘rsatgan.
Shuningdek, ushbu davlat xaridi bo‘yicha Xarid komissiyasi tomonidan foydalangan kompyuterlarning IP-manzillari ma’lumoti o‘rganilganda xarid komissiyasining barcha a’zolari 5 daqiqa vaqt ichida IP-manzili bir kishiga tegishli bo‘lgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholangan va bayonnoma rasmiylashtirilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, xaridda ishtirok etgan 3 ta ishtirokchining hujjatlari ham Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga tegishli bo‘lgan (foydalangan) kompyuterning IP-manzili orqali maxsus elektron platformaga yuklanganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Samarqand viloyat hokimligiga so‘rovnoma kiritilgan.
Viloyat hokimligi tomonidan 2023 yil 27 fevral kuni Agentlikka taqdim etilgan xatga ko‘ra, Agentlikning taqdimnomasida qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan hamda o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan xarid komissiyasining raisiga nisabatan ma’muriy, bir nafar komissiya a’zosiga esa intizomiy javobgarlik qo‘llanilgan.